Hindistonda bir kun ichida rekord – 400 mingta koronavirusga chalinish holati kuzatildi. Bir hafta ichida dunyo bo‘yicha COVID-19’ga chalinganlarning 43 foiz qismi mamlakat aholisi vakillari

Hindistonda oxirgi bir sutka ichida koronavirusga chalinish bo‘yicha 401 993 ta holat qayd etildi, bu pandemiya boshlanganidan buyon butun dunyoda hali hech bir mamlakatda qayd etilmagan antirekord, deb yozmoqda Reuters.

Hindistonda pandemiya boshlanganidan beri kasallikka chalinganlarning umumiy soni 19 milliondan oshib ketgan. Mart oyi oxiridan buyon mamlakatda har ikki haftada koronavirus bilan kasallanganlar soni ikki baravarga ko‘payib bormoqda; oxirgi 10 kun ichida COVID-19 yuqtirib olganlar soni 300 ming nafardan oshgan. Shu haftada butun dunyoda koronavirus bilan kasallangan odamlarning 43 foiz ulushi Hindistonga to‘g‘ri kelgan.

Pandemiya boshlangan vaqtdan beri Hindistonda COVID-19 oqibatida vafot etganlar soni 211 mingdan oshgan, bugungi kunga kelib Hindistonda kuniga 3,5 ming nafar odam koronavirus asoratlari oqibatida qurbon bo‘lmoqda.

Reuters agentligining qayd etishicha, oxirgi haftalarda kasallanganlar sonining keskin ko‘payishiga hukumatning mahalliy saylovlar oldidan ommaviy tadbirlar, diniy marosimlarni taqiqlamagani sabab bo‘lgan. Mart oyi boshida hindistonlik olimlar hukumatni mamlakatda koronavirusning yangi zararli shtammi B.1.617 tarqalayotgani haqida ogohlantirgan edi, biroq davlat ommaviy tadbirlarga cheklovlar qo‘ymadi, aksincha testlar sonini oshirishga qaror qildi.

Hindistonda 1-maydan aholini koronavirusga qarshi ommaviy emlash (bungacha mamlakatda yoshdan oshgan odamlar vaksinatsiya qilingan) boshlanishi lozim edi, ammo shtatlardagi hukumatlar vaksinalar emlanishni istayotgan aholining hammasiga yetmasligini bildirgan. Hindiston Sog‘liqni saqlash vazirligining axboroti bo‘yicha 30-aprel holatiga ko‘ra mamlakatda aholining 9,1 foizi koronavirusga qarshi vaksinaning dastlabki dozasini qabul qilib olgan, to‘liq emlanganlar esa aholining 1,9 foiz qismini tashkil etadi.

Hindistonda asosan AstraZeneca vaksinasi, shuningdek, Bharat firmasining Covaxin preparatidan aholini vaksinatsiya qilishda foydalanilgan. 1-maydan mamlakatga Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasining birinchi partiyasi yetkazib berilgan, oy oxiriga qadar Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar fondi Hindistonga yana 3 million doza vaksina yetkazib berishi ko‘zda tutilgan. Hindistonda iyundan boshlab mahalliy ishlab chiqarish mahsuloti bo‘lgan preparatning oyiga 50 million dozasini tayyorlash rejalashtirilgan.

Hindistonda kasallanish holatlari keskin ko‘paygani va yangi shtamm tarqala boshlagani tufayli ko‘plab davlatlar, jumladan, Buyuk Britaniya mamlakat bilan aloqalarni cheklagan. AQSh davlat departamenti 4-maydan boshlab Hindistonga chiqish qoidalari qat’iylashtirilishini ma’lum qilgan. Avstraliya hukumati 3-maydan Hindistonda oxirgi 14 kun ichida bo‘lib qaytgan mamlakatdagi barcha odamlar (xususan Avstraliya fuqarolariga) jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan jazo choralari qo‘llanilishini bildirgan.

Avval Hindistondagi COVID-kasalxonada yong‘in chiqishi oqibatida 18 kishi halok bo‘lgani, JSST Hindistondagi koronavirus bilan bog‘liq og‘ir vaziyat istalgan davlatda yuz berishi mumkinligidan ogohlantirgani, AQShning koronavirusga qarshi kurashda Hindistonga 100 mln dollarlik yordam yuborishi haqida xabarlar berilgandi.

Источник: Daryo.uz

Пример HTML-страницы

Вам может также понравиться...

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *