Hindistondagi COVID-kasalxonada yong‘in chiqishi oqibatida 18 kishi halok bo‘ldi

Hindistonning Gujarat shtati Bxaruch shahridagi kasalxonada yong‘in sodir bo‘ldi. Oqibatda COVID-19 bilan kasalxonaga yotqizilgan bemorlarning 18 nafari halok bo‘ldi. Bu haqda Hindustan Times gazetasiga tayanib, “Korrespondent.net” xabar berdi.

Qayd etilishicha, yong‘in jonlantirish bo‘limida boshlangan va bir soat ichida bartaraf etilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa qisqa tutashuvdan kelib chiqqan.

Tibbiy muassasa bemorlari boshqa klinikalarga o‘tkazilgan. Mutaxassislar hodisa sabablarini aniqlashtirmoqda.

“Dastlab 12 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan bo‘lsa, keyinchalik bu raqam 18 ga oshdi”, — deyiladi gazeta xabarida.

21-aprel kuni Hindistonning Maxarashtra shtatida koronavirusga chalingan bemorlarni davolovchi kasalxonada kislorodning sisternadan sizib chiqishi oqibatida 24 nafar odam hayotdan ko‘z yumgan edi.

Avval mart oyida Hindistonning Mumbay megapolisida COVID-19’ga chalingan bemorlar davolanadigan kasalxonada yong‘in sodir bo‘lgani va 10 nafar odam favqulodda hodisa oqibatida hayotdan ko‘z yumgani haqida xabar qilingandi. 10-aprelda Nagpur shahridagi koronavirusga chalingan bemorlar davolanayotgan shifoxonada kelib chiqqan yong‘in oqibatida to‘rt kishi qurbon bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, Hindistonda COVID-19’ga chalinish bo‘yicha jahon rekordi ketma-ket yangilanmoqda. Mamlakatdagi epidemiologik vaziyat “koronavirus bo‘roni” deb ta’riflandi. Hindiston aholisi uyida ham tibbiy niqoblarni taqishga chaqirilmoqda. JSST Hindistondagi koronavirus bilan bog‘liq og‘ir vaziyat istalgan davlatda yuz berishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Manba: Daryo.uz

Пример HTML-страницы

Вам может также понравиться...

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *