“Istiqlol” majmuasi Qibraydagi yangi bog‘ hududida quriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-may kuni Toshkent viloyatining Qibray tumanida barpo etilayotgan bog‘ hududiga tashrif buyurgani haqida xabar berilgandi. Prezident matbuot xizmatining, xabar qilishicha, u yerda “Yangi O‘zbekiston” nomli bog‘ barpo etish ishlari boshlangan.

Shu munosabat bilan bu yerga parlament va hukumat a’zolari, Toshkent shahri jamoatchiligi, nuroniylar, ilm-fan va san’at vakillari, sportchilar, yoshlar yig‘ildi.

“Bugungi muborak Ramazon kunlarida sizlar bilan ko‘rishib turganimdan xursandman. Xalqimiz uchun munosib sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘p ishlarni boshlaganmiz. Xudo xohlasa, mana shu bahavo joyda 104 gektarlik bog‘ barpo etmoqchimiz. Bu xayrli ishning boshlanishi hozirgi ulug‘ ayyom kunlariga to‘g‘ri kelgani ham hosiyatli, deb o‘ylayman”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yangi bog‘ nafaqat manzarasi, landshafti, balki mazmuni bilan ham alohida e’tiborga molik. Bog‘ning umumiy ko‘rinishi xuddi ulkan daraxtning beshta shoxi shaklida bo‘ladi. Ta’kidlanishicha, bu Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yo‘nalishini ifodalaydi.

Bog‘ni oddiy park emas, eng avvalo, yuksak madaniyat va ma’naviyat maskaniga aylantirish maqsad qilingan. Bu yerda odamlar tabiat qo‘ynida osuda dam oladigan so‘lim hududlar yaratiladi. Kashtan, eman, chinor, lola, lipa bog‘lari barpo etilib, noyob manzarali daraxtlar, butalar va gullar ekiladi. Sun’iy ko‘l, sport maydonlari, bolalar o‘yingohlari, favvoralar quriladi.

Ma’lum qilinishicha, Mustaqillikning 30 yilligiga bag‘ishlangan Istiqlol majmuasi ham shu yerda barpo etiladi. “Gazeta.uz”ning Qurilish vazirligiga tayanib xabar qilishicha, bu majmua Toshkent shahridagi “Moviy gumbazlar” xiyobonida qurilishi kerak bo‘lgan ayni majmuaning o‘zi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab “Istiqlol” majmuasini qurish va unda “mustaqillikning mohiyati va ulkan tarixiy ahamiyatini aks ettiruvchi monumental kompozitsiya”ni yaratish Prezidentning 2020-yil 17-dekabrdagi farmonida ko‘zda tutilgan edi. Majmuani barpo etish joyi sifatida Sharof Rashidov, Islom Karimov va Afrosiyob ko‘chalari oralig‘ida, Markaziy univermag (SUM) qarshisidagi hudud tanlangandi.

Keyinroq poytaxt hokimiyati “Istiqlol” majmuasi qurilishi rejalashtirilayotgan joyni o‘z ichiga olgan “Moviy gumbazlar” xiyoboni maketini taqdim etdi. Maketda bog‘ hozirgi holatda tasvirlangan bo‘lib, faqatgina stella o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.

Jahongir Ortiqxo‘jayev “Istiqlol” majmuasini barpo etish masalasi yuzasidan aholi bilan uchrashgani va bog‘dagi bir dona daraxt kesilsa, o‘sha kuniyoq lavozimidan ketishga tayyorligini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, poytaxt rahbari Toshkent shahar hokimligiga ishonchsizlik bildirayotganlarga javob qaytargandi.

Manba: Daryo.uz

Пример HTML-страницы

Вам может также понравиться...

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *