Bangladeshda ikkita kema to‘qnashib 28 kishi, AQShda qayiq ag‘darilib, 4 kishi halok bo‘ldi

Bangladeshning Padma daryosida motorli qayiq va barja (yuk kemasi)ning to‘qnashuvi kamida 28 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Besh kishi qutqarib olindi, deb yozadi “RBK”.

Xabarga ko‘ra, kemalar daryoning Shibchar shahridan o‘tuvchi qismida to‘qnashgan. Qum ortilgan barja bilan to‘qnashuvdan so‘ng, qayiq ag‘darilib ketgan. 28 qurbonning jasadi suvdan chiqarilgan, ularning uch nafari bolalar va bir nafari ayol kishi. Qutqaruv ishlari davom etmoqda.

Shuningdek, AQShning Kaliforniya shtati San-Diyego shahri sohillari yaqinida yog‘och qayiq ag‘darilib ketib, to‘rt kishi halok bo‘ldi, 20 dan ortiq kishi jarohatlandi.

San-Diyego chegara va bojxona xizmati ma’lum qilishicha, qayiq Meksikadan AQShga noqonuniy muhojirlarni tashib ketayotgan edi.

Qutqaruvchilarning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, qayiqda hammasi bo‘lib 30 kishi bo‘lgan. Taxminlarga ko‘ra, yog‘och qayiq suvosti qoyasiga urilib, parchalanib ketgan va 30 kishi suvga qulagan. Ko‘pchilik  qirg‘oqqa o‘zi suzib chiqishga muvaffaq bo‘lgan, olti kishi qutqaruv guruhi yordamida chiqarib olingan.

ABC7 News agentligi qayiqni boshqargan erkak hibsga olingani haqida xabar berdi.

Avvalroq San-Diyego yong‘in xizmati 25 kishi suvdan olib chiqilgani, ulardan ikkitasi vafot etgani, qolganlar kasalxonaga yetkazilgani haqida xabar bergan edi.

Eslatib o‘tamiz, 21-aprel kuni Indoneziyaning Bali oroli yaqinidagi o‘quv mashg‘ulotlarda KRI Nanggala 402 suvosti kemasi bilan aloqa uzilib qolgan va u bedarak yo‘qolgan. Keyinchalik AQSh Indoneziyaning g‘oyib bo‘lgan suvosti kemasini qidirish uchun aviatsiya yuborishi, bedarak yo‘qolgan suvosti kemasida kislorod tamom bo‘lgani haqida xabarlar berilgan. Sodir bo‘lgan voqeaning kelib chiqish sabablari yuzasidan rasmiy taxminlar bildirilmagan.

 25-aprel kuni suvosti kemasining qoldiqlari topilgani va kemaning barcha ekipaji qurbon bo‘lgani e’lon qilindi.

Manba: Daryo.uz

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован.

error: Kechirasiz: Kontentlar himoyalangan !!