Birinchi o‘zbek kosmonavti ta’sischiligidagi kompaniyaga aloqador jinoyat ishi Tergov departamentining alohida nazoratiga olindi

Birinchi o‘zbek kosmonavti Solijon Sharipov ta’sischiligidagi kompaniyaga aloqador tergov ishi nazoratga olindi. Bu haqda IIV Tergov departamenti matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, 2020-yil 3-dekabr kuni Toshkent shahar Chilonzor tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan “Megatek-Avto” MChJ ulushdorlari bilan bog‘liq holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdordagi firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, keyingi tergov harakatlarini olib borish uchun Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi ish yurituviga olingan.

O‘tkazilgan tergov harakatlari natijasiga ko‘ra, 2021-yil 20-aprel kuni Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 1,2-bandlariga asosan jinoyat ishini tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Mazkur qaror Bosh prokuratura tomonidan nazorat tartibida o‘rganib chiqilib, 29-aprel kuni bekor qilingan.

Dastlabki tergov jarayonida mol-mulkka qo‘yilgan taqiq yechilganligi holati yuzasidan Tergov departamenti tomonidan xizmat tekshiruv o‘tkazilmoqda.

Haqiqatni aniqlash va holatga qonuniy baho berish maqsadida jinoyat ishi IIV huzuridagi Tergov departamenti ish yurituviga olinib, “Megatek-Avto” MChJ hamda jinoyat ishiga aloqador “Grand Ravon Oil” MChJ va “Vodiy Grand Optima” MChJlarning barcha mol-mulklariga taqiq qo‘yilgan.

“Mazkur jinoyat ishi Tergov departamenti tomonidan alohida nazoratiga olingan va tergov natijalariga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi”, — deyiladi Tergov departamenti xabarida.

Manba: Daryo.uz

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован.

error: Kechirasiz: Kontentlar himoyalangan !!