Bollivud yulduzi Saif Ali Xonning hashamati koshonasi: qirollik oilasidan chiqqan aktyor qanday uyda yashaydi?

Katta va hashamatli ekani bilan mashhur Pataudi saroyi kelib chiqishi qirollik oilasiga borib taqaladigan Saif Ali Xonga ajdodlaridan meros qolishi kerak bo‘lgan, ammo aktyor oilasiga tegishli mazkur uyni ishlab topgan pullariga sotib olishiga to‘g‘ri kelgan. 800 kror (110 million dollar)ga baholanadigan saroyga aktyor avvalgidan farqli o‘laroq bugungi kunda bemalol tashrif buyurishi mumkin. Intervyulardan birida Saif otasining o‘limidan keyin saroy ijaraga berilgani, ko‘pchilik o‘ylaganidek unga meros bo‘lib qolmaganini ma’lum qilgan.

Saifga uyni katta mablag‘ evaziga xarid qilish taklif qilingan. Mehmonxonalar tarmog‘idan sotib olingan Pataudi bugungi kunda uning oilasi uchun dam olish maskani sanaladi. Saifning otasi Mansur Ali Xon Pataudining 9-navabi (navab-Sharqiy Hindistondagi hukmdorlarning unvoni) hamda Hindistonning kriket jamoasi kapitani bo‘lgan. Hukumat knyazlik unvonlarini bekor qilganidan keyin Mansur Ali Xon o‘z unvonidan voz kechgan.

Xon sulolasiga tegishli mulk mehmonxona sifatida ijaraga olingan. Mansur Neemrana Hotels mehmonxona tarmoqlarining egalari Frensis Vachsiagar va Aman Natx bilan 17 yillik ijara shartnomasini imzolagan.

Saif sotib olguniga qadar saroy 2005-yildan 2014-yilgacha The Pataudi Palace Hotel sifatida ma’lum bo‘lgan. Xaridni amalga oshirganidan keyin aktyor arxitektor Darshini Shahga interyerlarni qayta ta’mirlash va avvalgidek hashamatdan farqli ravishda qulay ko‘rinishga keltirishni so‘rab murojaat qilgan. 150 ta xonani o‘z ichiga oladigan uyda 7 ta garderob, yana shuncha yotoqxonadan tashqari, 7 ta bilyard xonasi, katta mehmonxona va oshxona bor.

Pataudi saroyida Gollivud va Bollivud filmlari suratga olingan. Juliya Roberts suratga tushgan “Ye, sev va ibodat qil”, Amir Xon rol ijro qilgan “Qo‘zg‘olon”, Shohrux Xon bosh rolni gavdalantirgan “Vir va Zara”, Akshay Khanna ishtirokidagi “Gandi mening otam” filmlari shular jumlasidan.

Xaryana shtatining Gurgaon tumanida joylashgan mazkur uyda aktyorning o‘g‘li Taymur Ali Xonning birinchi tug‘ilgan kuni nishonlangan.

Pataudi 1900-yillarning boshida arxitektor Tor Rassel tomonidan qurilgan bo‘lib, bunda unga avstriyalik arxitektor Karl Molt fon Xayns yordam bergan. Pataudi endilikda tunash mumkin bo‘lgan tarixiy mehmonxona emasligiga qaramay, unda hashamat va qirollik oilasiga xos o‘ziga xoslikni hali hamon his qilish mumkin.

Saif Ali Xon qo‘llab-quvvatlaydigan House of Pataudi brendi eski mebellar turini taqdim qilish uchun Flipkart onlayn do‘koni bilan hamkorlik qilishni boshladi. Saif mazkur saroyda oilasi bilan qish mavsumi va bayram kunlari vaqt o‘tkazadi.

Manba: Daryo.uz

Пример HTML-страницы

Вам может также понравиться...

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *