Tushda lochin | Тушда лочин
LOCHIN (BOZ) Ibn Sirin (r.a.)ning aytishicha, lochinni tutib olsa yoki kimdir unga bersa va lochin unga bo‘ysunuvchi bo‘lsa, ya’ni qo‘liga o‘tirsa, uning ulug‘ligi, qadri, obro‘-e’tibori oshishiga dalildir. Oq lochin qo‘liga o‘tirganini ko‘rsa, podshohdan qadru e’tibor topishiga dalildir. Agar lochin qo‘lidan yiqilib ketganini yo o‘lganini ko‘rsa, obro‘-e’tibordan nochorlik va bechoralik holiga tushishiga dalildir. Kirmoniy (r.a.)ning aytishicha, oq lochinni qo‘lga kiritsa, agar u podshoh odamlaridan bo‘lsa podshohdan hurmat va e’tibor topishiga dalildir, agar oddiy xalqdan bo‘lsa, ko‘p mol topishiga dalolat qiladi. Agar birov unga lochin hadya qilsa, sohibjamol va izzatli farzand tug‘ilishiga dalildir. Agar lochin tomiga qo‘nganini ko‘rsa, u bilan yangi podshoh orasida suhbat yuz berishini va undan xayru manfaat topishiga dalildir. Agar lochin qochib ketsa va uyiga bekinib olsa yoki biror ayolning etagi ostida pinhon bo‘lsa, o‘sha ayol chiroyli bir o‘g‘il bola tug‘ishiga dalildir. Agar o‘sha lochinning oyog‘ida oltindan yoki kumushdan qo‘ng‘iroqcha bo‘lsa, o‘sha ayolning qiz tug‘ishiga dalildir. Jobir Mag‘ribiy (r.a.)ning aytishicha, agar bir kishi lochin topib olsa va uni o‘ldirsa va bu kishi podshoh odamlaridan bo‘lsa, ishdan tushadi, agar podshoh odamlaridan bo‘lmasa axdi xonadoni tomonidan unga biror kulfat yoki g‘am yetishiga dalildir. Qo‘lidan lochinni uchib ketganini va yana qaytib kelganini ko‘rsa va bu tushni podshoh ko‘rsa, mamlakati qo‘lidan ketishini bildiradi. Agar lochin qaytib kelsa va qo‘liga qo‘nsa, mamlakati va qudrati kuchayishini bildiradi. Ja’far Sodiq (r.a.) aytadiki, agar lochin unga itoatli bo‘lganini ko‘rsa, bu besh narsaga dalildir: oromga; shodlikka; bashoratga; farmonga va maqsadga yetishishiga. Lochinning qiymatiga qarab, xususan, u oq va itoatli bo‘lsa ikki ming dirham pul topishiga dalildir. Agar lochin itoatli bo‘lmasa to‘rt narsani bildiradi: zolim podshohni; yomonlikka moyil bo‘lgan hokimni; xoin vazirni; ota-onasiga bo‘ysunmaydigan farzandni.