Tushda tegirmon | Тушда тегирмон
TEGIRMON (OSYOB) Doniyol (a.s.) aytadilarki, tushida tegirmonga g‘alla olib borganini va un qilayotganini ko‘rsa, tegirmonchidan xayru manfaat ko‘rishiga dalildir. Tegirmon toshining singanini va ishdan chiqqanini ko‘rsa, tegirmonchining xalok bo‘lishiga dalolat qiladi. Agar tegirmon toshining yorilganini yoki unda nuqson paydo bo‘lganini ko‘rsa, tegirmon egasida sustlik va nuqson paydo bo‘lishiga dalolat qiladi. Tegirmon toshining o‘g‘irlanganligini ko‘rsa, tegirmon sohibiga foyda hamda zarar yuzlanadi.
Ibn Sirin (r.a.)ning aytishicha, tushdagi tegirmon jang va dushmanlikdir. Biror kishi o‘zini tegirmonda ko‘rsa, biror kimsa bilan jang va dushmanlik qiladi. Bordi-yu tegirmon o‘z mulki ekanini bilsa, ish yengilroq ko‘chadi. Agar tegirmonda g‘allasi bo‘lmasada, biroq tegirmonning qanday aylanayotganini tamosha qilayotgan bo‘lsa, safarga chiqishiga dalil bo‘ladi. Tegirmon toshining misdan, qo‘rg‘oshindan yoki po‘latdan ekanini ko‘rsa, jang va urushga dalildir. Tegirmon toshining shishadan ekanini ko‘rsa, ayollar bilan xusumatlashishiga dalildir. Agar tegirmonda g‘alla o‘rniga po‘lat yoki toshni un qilayotganligini ko‘rsa, biror kishi bilan qattiq jang yoki janjal qilishiga dalil bo‘ladi. Agar tegirmonni qo‘li bilan aylantirayotganini ko‘rsa, ko‘ngli qattiq sherikka ega bo‘lishi va o‘sha sherik tufayli ishlari yomon bo‘lishiga dalil bo‘ladi.
Imomi Ja’far Sodiq (r.a.) aytadiki, tushdagi tegirmon besh narsani bildiradi: podshohni; raisni; boyni; botir odamni; podshohning xonsolorini.
Tegirmon joylashgan yer ulug‘ raisga dalolat qiladi. Agar tegirmonni buzayotganligini ko‘rsa, tegirmonga mansub bo‘lgan biror narsa xarob bo‘ladi.