{"id":8702,"date":"2021-05-03T03:20:48","date_gmt":"2021-05-03T00:20:48","guid":{"rendered":"https:\/\/biliboltv.uz\/2021\/05\/03\/bir-kunda-besh-marta-olib-tirildim-sardoba-toshqinida-qabristondagi-ogillarini-qutqaraman-deb-suvda-oqib-ketgan-muhammadali-hikoyasi\/"},"modified":"2021-05-03T03:20:48","modified_gmt":"2021-05-03T00:20:48","slug":"bir-kunda-besh-marta-olib-tirildim-sardoba-toshqinida-qabristondagi-ogillarini-qutqaraman-deb-suvda-oqib-ketgan-muhammadali-hikoyasi","status":"publish","type":"post","link":"https:\/\/biliboltv.uz\/bir-kunda-besh-marta-olib-tirildim-sardoba-toshqinida-qabristondagi-ogillarini-qutqaraman-deb-suvda-oqib-ketgan-muhammadali-hikoyasi\/","title":{"rendered":"\u201cBir kunda besh marta o\u2018lib-tirildim\u201d. Sardoba toshqinida qabristondagi o\u2018g\u2018illarini qutqaraman deb suvda oqib ketgan Muhammadali hikoyasi"},"content":{"rendered":"

Sardoba tumanidagi Qo\u2018rg\u2018ontepa qishlog\u2018i \u2014 bir yil avval yorilib, minglab odamlar tinchini buzgan suv omborga eng yaqin aholi punkti. Gulistonda tug\u2018ilgan, ota-bobosi asli zominlik Muhammadali Suyunov ham 40 yildan beri shu qishloqda yashaydi. Qishloqqa ham imomlik qilgan, ham qabristoniga qaragan marhum hoji otasining ishini davom ettirib, qishloq qabristonida nazoratchilik qiladi.<\/p>\n

\"\"<\/p>\n

Toshqin yuz bergan tongda Muhammadali akaning ikki o\u2018g\u2018li qabristonda (ular u yerda haftalab qolib, ham otasining ishlariga qarashar, ham qo\u2018y-qo\u2018zi boqishdek ishlar qilardi), o\u2018zi esa ayoli bilan uyda bo\u2018lgan. \u201cErtalab soat 4:30\u20145:00 larda telefon qilishdi, \u2018ota, mahalla, sovxozimiz tinchmi, biz tomon qabristonga suv kelyapti\u2019, deyishdi\u201d, \u2014 deb eslaydi u. Har qanday ota kabi u ham o\u2018sha vaqt farzandlarini yo\u2018qotishdan qo\u2018rqqan.<\/p>\n

Telefon qo\u2018ng\u2018irog\u2018idan so\u2018ng tashqariga chiqsa, qandaydir yoqimsiz, guvullagan ovoz. Ko\u2018chada suv omborida ishlaydigan bir tanishini ko\u2018rgan. \u201cU \u2018suv to\u2018g\u2018onni urib ketdi, ikkala bolangiz qabristonda qolib ketdi\u2019, degan paytda birinchi marta o\u2018lib tirildim\u201d, \u2014 dedi Muhammadali aka. Ota shu zahoti uyidan 6 kilometr masofada joylashgan qabristonga velosipedda borishga uringan, biroq qabristonga 2 kilometr qolganida suv uning yo\u2018lini to\u2018sgan. Nima qilarini bilmay, o\u2018g\u2018illariga telefon qilgan.<\/p>\n

\u201cIkkisining ham telefoni o\u2018chiq chiqdi. O\u2018sha payt \u2018bolalarim ketdi\u2019 deb, ikkinchi marta o\u2018lib-tirildim\u201d, \u2014 deydi u. Sal o\u2018ziga kelib, ortga, uyga qaytarkan, bir kilometr ham yurmasidan yo\u2018lni, taxminan, 100 metr enlikdagi to\u2018lqin to\u2018sib borayotganini ko\u2018rgan, suvdan o\u2018taman deganida esa ustidan yana bir to\u2018lqin kelib urib, uni oqizib yuborgan.<\/p>\n

\u201cSuv oqizib ketayotganida otam ko\u2018z oldimga keldi. \u2018Muhammadali, harakat qil\u201d dedi. Otamning ruhi bilan 1,5\u20142 kilometrcha, taxminan, 20 daqiqalar suzdim, ikki marta suv yutdim. Juda charchadim, holim qolmadi\u201d, \u2014 deb hikoya qilib berarkan, bu og\u2018ir xotiralar Muhammadali akaga aziyat berayotgani yuzidan bilinardi… U bir amallab quruqlikka chiqib olgach, yana o\u2018g\u2018illariga telefon qilgan, biroq suvga bo\u2018kkan telefon ishlamagan.<\/p>\n

Tushlikdan keyin suv tortila boshlagan. \u201cKiyimlarimni quritish uchun yoyib qo\u2018ygandim. Suv qayta boshlagach, kiyimlarimni hammasini yig\u2018ib, yelkamga bog\u2018lab, cho\u2018p sindirib oldim-da \u2014 belimgacha loy, ba\u2019zi joylarda suv oqyapti \u2014 17-18 ta o\u2018pirilgan joydan o\u2018tib, soat, taxminan, 16:30\u201417:00 larda asfalt yo\u2018lga chiqib oldim\u201d, \u2014 deydi Muhammadali aka. Shu yerda uni vertolyotchilar ko\u2018rib qolib, qutqargan.<\/p>\n

Muhammadali aka vertolyotga chiqishi bilan o\u2018tinib so\u2018ragan: \u201cQabristonga uchinglar, ikki o\u2018g\u2018lim o\u2018sha yerda qolib ketdi!..\u201d. Qabriston ustida aylanishgan, ammo u yerda hech kim bo\u2018lmagan. Balki suv omborining shtabidadir, degan umid ham oqlanmagan \u2014 u yerda ham biror jon yo\u2018q, hammayoq suv. O\u2018g\u2018illar Uchtomdagi mahalladan ham topilmagan. \u201cKun bo\u2018yi besh marta o\u2018lib-tirildim, tamom bo\u2018ldim o\u2018shanda\u201d, \u2014 deya, ota bu voqealarni qayta boshdan kechirayotgandek g\u2018amga botadi.<\/p>\n

O\u2018g\u2018illar qayg\u2018usi \u2014 alohida hikoya; toshqin ostonasidagi uyda ularning onasi \u2014 Muhammadali akaning rafiqasi qolib ketgandi. \u201cMahallamiz \u2018uchastkavoy\u2019i Damas\u2019da kelib, ayolimni olib chiqib ketibdi. Shu bilan ayolim kechgacha evakuatsiyada, meni Gulistondagi harbiy qismda, ikkala o\u2018g\u2018lim ham Gulistondagi boshqa joyda evakuatsiyada qolgan. Oilamiz parokanda bo\u2018lib, tarqalib ketdi. Aloqa yo\u2018q, kim qayerda, o\u2018likmi, tirikmi, bilmaymiz\u201d, \u2014 suvdan omon chiqsa-da, quvonadigan joyi bo\u2018lmaganini eslaydi u.<\/p>\n

Muhammadali aka uyi sementdan qurilgani uchun butunlay qulamagan bo\u2018lsa ham, belgacha keladigan loyni tozalash uchun harbiylar, Milliy gvardiya yigitlari haftalab mehnat qilganini takror-takror aytadi, minnatdorligini bildiradi. Oila boshlig\u2018i oqib ketgan narsalarga achinmasligini aytib, oilasi sog\u2018-omon, butun qolganiga shukronalar keltiradi.<\/p>\n

Ayni vaqtda, bu falokat uning sog\u2018lig\u2018iga ta\u2019sir qilgani ham bor gap. \u201cSovuq suvda 1,5\u20142 kilometr suzishning o\u2018zi emas, sovuq o\u2018tib ketdi. O\u2018zi \u2018grija\u2019m bor edi. Ko\u2018pchilik qatori meni ham sanatoriyga bepul yuborishdi, davolanib keldik, Prezidentimizga rahmat. Uyga kelib ham ancha davolandim. Keyin Gulistondagi shifoxonada davolanib keldim. Hozir asablarim, ruhiyatim ham yaxshi, o\u2018zimni tutib yuraman, o\u2018zimga kelganman\u201d, \u2014 deydi Muhammadali aka.<\/p>\n