Marsdagi NASA vertolyoti to‘rtinchi parvozini amalga oshira olmadi

NASA (AQSh aeronavtika va koinotni tadqiq etish milliy boshqarmasi)ning Ingenuity uchuvchisiz vertolyoti Marsda to‘rtinchi parvozini amalga oshira olmadi, deb yozadi “RBK”.

“Vertolyotning to‘rtinchi parvozi amalga oshmadi, ammo jamoa ma’lumotlarni tahlil qilib, eng yaqin orada qaytadan urinib ko‘rmoqchi”, — deyiladi NASA xabarida.

Keyinroq NASA Ingenuity droni 30-aprel kuni qaytadan uchirilishini ma’lum qildi.

Vertolyotning bundan avvalgi uchta parvozi muvaffaqiyatli kechgan, qurilma qo‘yilgan vazifalarning barchasini bajargan edi.

Birinchi marta amalga oshirilgan 19-aprel kungi muvaffaqiyatli sinov parvozi chog‘ida vertolyot 3 metr balandlikka ko‘tarilgan va Mars yuzasi uzra 39 soniya vaqt o‘tkazgan edi.

22-aprel kuni Ingenuity droni ikkinchi marta muvaffaqiyatli avtonom parvozni amalga oshirgan edi. O‘shanda vertolyot besh metrgacha balandlikka ko‘tarildi. Sayyora yuzasi uzra biroz muallaq turgach, vertolyot 5 darajaga og‘di va yon tomonga qarab 2 metr masofaga uchdi. Shundan so‘ng u yana muallaq turdi, so‘ng turli tomonlarga burilib, o‘zining rangli kameralarini ishga soldi. So‘ngra u qo‘nish uchun o‘z “aerodromi”ga yo‘l oldi. Butun parvoz, taxminan, 50 soniya davom etdi.

Ingenuity vertolyotining uchinchi parvozi 25-aprel kuni amalga oshirildi hamda tezlik va masofa bo‘yicha har qachongidan, hatto Yerda olib borilgan sinovlar chog‘ida namoyish etilgan natijalardan ham ko‘ra, yaxshiroq ko‘rsatkichlarga erishildi. Vertolyot ikkinchi parvozdagi kabi 16 fut (5 metr)ga ko‘tarildi, so‘ng 50 metr masofani uchib o‘tib (futbol maydoni uzunligining yarmidan ko‘prog‘iga teng masofa), soniyasiga 6,6 fut (2 metr) maksimal tezlikka erishdi.

Ingenuity 31 kun ishlashga mo‘ljallangan. U yana kamida ikkita parvozni amalga oshirib, marsoxod atrofidagi hududni aerofotosyomka qilishi kerak.

Dronning diametri 1,2 metr, og‘irligi taxminan 1,8 kg bo‘lib, uni ishlab chiqish uchun 85 million dollar sarflangan. U ikkita kamera bilan jihozlangan va suratga olish uchun havoda 20-30 soniya davomida muallaq tura oladi. NASA avvalroq bunday qurilma uchun asosiy muammo Mars atmosferasining o‘ta siyrakligidan iborat bo‘lishini ma’lum qilgandi. “Mars atmosferasining zichligi Yernikining atigi 1 foiziga teng, shu sababli vertolyot shunchaki sayyora yuzasida turgan vaqtida ham bu uning uchun Yerdagi 30 km balandlikka teng bo‘ladi”, — degan edi loyiha muallifi.

Ingenuity Marsga Perseverance marsoxodi bilan birga yetib kelgan. Marsoxod ortilgan raketa 2020-yil iyulida Florida shtatida joylashgan Kanaveral burnidagi kosmodromdan uchirilgan edi. Fevralda Amerika roveri Yezero krateriga borib qo‘ndi. Bungacha sun’iy yo‘ldoshdan olingan ma’lumotlar yordamida u yerda katta ko‘lga borib quyilgan daryo o‘zani izlari aniqlangan edi. Olimlar fikricha, kraterda hayot izlari saqlanib qolgan bo‘lishi mumkin.

Manba: Daryo.uz

Пример HTML-страницы

Вам может также понравиться...

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *