Qirg‘iziston va Tojikiston o‘z qo‘shinlarini chegaradan olib ketishni boshladi

Qirg‘iziston va Tojikiston o‘z qo‘shinlarini davlat chegarasidan olib chiqib ketmoqda. Bu haqda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara xizmatiga tayanib, “Kommersant” xabar bermoqda. Muassasa so‘nggi bir kechada otishmalar va boshqa hodisalarni qayd etmadi.

“Tomonlar qo‘shimcha kuch va vositalarni davlat chegarasi chizig‘idan doimiy joylashuv nuqtalariga olib ketishni boshladi”, — deyiladi chegara xizmati xabarida. Ta’kidlanishicha, chegara bo‘linmalari “kuchaytirilgan rejimda xizmat olib bormoqda”.

Avvalroq Qirg‘izistonda Tojikiston bilan chegarada sodir bo‘lgan mojaroda halok bo‘lganlar xotirasiga 1–2-may kunlari motam e’lon qilingan edi.

Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasidagi nizo 28-aprel kuni mahalliy aholi o‘rtasidagi janjal bilan boshlangan edi. U esa tojikistonlik harbiylar bahsli hududda joylashgan “Golovnoy” suv taqsimlash punkti yaqinidagi elektr ustuniga videokuzatuv kameralarini o‘rnatganidan keyin kelib chiqqan. Qirg‘iziston chegara xizmatining axboroti bo‘yicha 29-aprelda ikki davlat harbiylari o‘rtasida otishma sodir bo‘lgan. Idora tojik tomonining minomyot hisob-kitob pozitsiyalarini egallashni tashkillashtirayotganini qayd etgan.

Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 30-aprel kuni ertalab soat 07:50 holatiga ko‘ra, to‘qnashuv paytida 134 nafar qirg‘izistonlik turli darajada jarohat oldi, 13 kishi halok bo‘ldi. Qirg‘iziston hukumati Tojikiston bilan chegaradagi mojaro zonasidan 2726 fuqaroni xavfsiz joylarga evakuatsiya qilgan.

Tojikiston hukumati chegaradagi qurolli to‘qnashuv paytida halok bo‘lganlar va jarohat olganlar to‘g‘risida hali rasmiy ma’lumot bermagan.

Asia Plus manbalariga tayanib, xabar berishicha, So‘g‘dning Isfara shahri va Bobojon G‘ofurov tumanida 30-aprel kuni ertalab to‘qnashuvlar paytida 90 dan ortiq Tojikiston fuqarolari jarohat olgan, 10 ga yaqini o‘ldirilgan.

30-aprel kuni ertalab Qirg‘iziston prezidenti Tojikiston bilan chegaradagi vaziyat barqarorlashganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng ham Qirg‘iziston Tojikiston bilan chegarada yana otishmalar yuz bergani va harbiy texnika to‘plangani haqida xabar berdi. Qirg‘iziston Tojikistonni provokatsiyalarda ayblamoqda. Shu kuni Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlari muzokaralar o‘tkazdi.

Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara mojarosining tarixi

Sobiq ittifoq parchalanganidan keyin tojik-qirg‘iz chegarasidagi 70 ga yaqin hudud bahsli bo‘lib qoldi, shu sababli mahalliy aholi va ikki mamlakat chegarachilari o‘rtasida muntazam ravishda nizolar yuzaga keladi, ba’zan esa bu odamlar halok bo‘lishiga ham olib keladi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi chegaraning jami uzunligi — 970,8 km. Uchastkalarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish jarayoni 2002-yilda boshlangan, o‘shanda tegishli davlatlararo komissiya tuzilgan edi. 2000-yillar oxirida chegaralarni belgilash uchun qonuniy asosni aniqlashda qiyinchiliklar yuzaga kelishi tufayli bu ish to‘xtatib qo‘yildi. Hozirgi vaqtda, hukumatlar ma’lum qilishicha, chegaraning 519 km qismi aniqlashtirilgan va tasniflangan, qolgan uchastkalar esa bahsli bo‘lib qolmoqda.

Источник: Daryo.uz

Пример HTML-страницы

Вам может также понравиться...

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *