Toshkent Osiyo Chempionlar Ligasi sharqiy mintaqasining guruh bosqichi o‘yinlariga mezbonlik qilishi mumkin

Toshkent shahri futbol bo‘yicha Osiyo Chempionlar Ligasi sharqiy mintaqasining markazlashtirilgan tizimda o‘tkazilayotgan guruh bosqich uchrashuvlarini o‘zida qabul qilishi mumkin.

OAVda Toshkent sharqiy mintaqadagi ikkita guruh o‘yinlariga mezbonlik qilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. Bunga PFL bosh direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jayev o‘z izohini berib o‘tdi. PFL rahbarining ta’kidlashicha, haqiqatda Toshkent mezbonlik uchun o‘z nomzodini qo‘ygan, biroq ikkita guruh emas bitta guruh o‘yinlarini o‘zida o‘tkazishga tayyorligini bildirgan.

Bu masalani bir necha haftadan buyon muhokama qilamiz. Unga ko‘ra, biz faqatgina bitta guruh uchrashuvlarini qabul qilishimiz mumkin. Shunda ham o‘yinlar “Lokomotiv”, “Bunyodkor” va “Jar” stadionlarida o‘tsa. Chunki “Paxtakor” va “OKMK” Chempionlar Ligasida o‘ynadi, ularning qoldirilgan uchrashuvlari bor. Yuqoridagi uch stadion variantida esa faqatgina “Bunyodkor” — “Qizilqum” o‘yini ketma-ketligini almashtirsak bo‘ldi. Ya’ni birinchi uchrashuv Navoiyda o‘tadi, keyin “Qizilqum” kuzda Toshkentga keladi.

Biroq bunga jamoalar — “Lokomotiv”, “Bunyodkor”, “Olimpik” ham rozi bo‘lishi kerak. Bir tarafdan ular stadionlar uchun pul ishlab oladi. Qolaversa, mehmonxonalarimiz ham katta delegatsiyani qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Mutaxassislarimiz uchun xalqaro tajriba tayyor. Ammo ikki guruh bizni qiynab qo‘yadi. Chunki o‘yinlardan tashqari mashg‘ulotlar haqida ham o‘ylash lozim.

Bundan tashqari uchrashuvlar translyatsiyasi masalasini ham puxta o‘ylash kerak bo‘ladi. Ikkita guruh uchrashuvlarini translyatsiya qilish qiyin masala. O‘zimizning Superliga tashqarida qolib ketishidan manfaatdor emasmiz. Chunki bizning ham homiylar bilan kelishuvlarimiz bor. Bunda OFK translyatsiya texnikasini O‘zbekistonga alohida olib kiradimi yoki MTRK, UzReport kabi kanallarga suyanadimi, bizda ma’lumot yo‘q.

Aslida biz Chempionlar Ligasining o‘zimizning klublar ishtirok etmaydigan musobaqasidan ko‘ra, o‘z klublarimiz ishtirok etadiganini qabul qilganimiz yaxshi edi. Ammo “Paxtakor” mezbonlikni istamadi. Mezbonlikni istagan “Nasaf” varianti esa OFK tomonidan maqbul ko‘rilmadi, OFK kubogi Tojikistonga berildi.

Diyor Imomxo‘jayev, PFL rahbari

Ma’lumot uchun, OChL—2021 musobaqasining guruh bosqich o‘yinlari koronavirus sabab markazlashgan tizimda o‘tkazilishi belgilandi. G‘arbiy mintaqaning guruh bosqichi 14—30-aprel kunlari bo‘lib o‘tdi. Unda “Paxtakor” Sharjada (BAA), “OKMK” esa Ar-Riyodda (Saudiya Arabistoni) o‘z o‘yinlarini o‘tkazdi. Sharqiy mintaqa guruh bosqich o‘yinlari esa 21-iyundan boshlanishi rejalashtirilgan.

Manba: Daryo.uz

Пример HTML-страницы

Вам может также понравиться...

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *