Farg‘onada elektromobillar yig‘ishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda

“Farg‘ona” kichik iqtisodiy zonasida elektromobillar yig‘ishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Prezident raisligida 27-aprel kuni erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.

Rejaga ko‘ra, loyihani amalga oshirish bilan Central Asia Ceramic kompaniyasi (keramik mahsulotlar ishlab chiqaruvchi) shug‘ullanadi. Qiymati 520 milliard so‘mga baholangan obyektni 2021-yilning noyabrida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 30 mingtani tashkil etadi, ishchilar o‘rni — 350 ta.

2019-yilning sentabrida Prezident Farg‘ona viloyatidagi “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasiga tashrif buyurgan edi. O‘shanda “Shaffof omadli sanoat” xususiy korxonasi 2021-yildan boshlab Xitoyning Silk Road Company kompaniyasi bilan hamkorlikda elektromobillar ishlab chiqarishni boshlashi ma’lum qilingandi. Elektromobillar narxi 3000 dollarga baholangan. Biroq hozirga qadar loyiha haqida hech qanday ma’lumot berilmagan.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilda O‘zbekiston 2,9 million dollarlik 131 dona, 2021-yilning dastlabki 3 oyida 91 dona elektromobil import qilgan.

Ta’kidlash kerakki, O‘zbekistonda elektromobillar importi uchun imtiyozlar amalda — ular uchun boj va aksiz solig‘i to‘lanmaydi. Faqatgina tegishli yig‘imlar va QQS to‘lanadi.

Avvalroq O‘zbekistondagi bir nechta kompaniyalar 2021—2023 yillarda avtomobillar, pikaplar, yuk mashinalari, mikroavtobuslar va boshqa avtomobillarni ishlab chiqarish va yig‘ishni yo‘lga qo‘ymoqchi ekanligi haqida xabar berilgan edi. Prezident yiliga 50—60 ming dona hamyonbop avtomobillar va elektromobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, avtomobil sanoati uchun sarmoya kiritish zarurligini ta’kidlagan edi.

Источник: Daryo.uz

Пример HTML-страницы

Вам может также понравиться...

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *