O‘zbekistonda uch oy ichida 211,2 mlrd so‘mlik budjet kamomadi va asossiz xarajatlar aniqlandi
Davlat moliyaviy nazorati departamenti va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 2021-yil 1-chorakda budjet intizomiga rioya etilishi va budjet mablag‘larning maqsadli foydalanishi yuzasidan 1 905 ta (2020-yil 1-chorakda 1 349 ta) nazorat tadbiri o‘tkazildi. Bu haqda Moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tekshiruvlarda 211,2 milliard so‘m miqdorida budjet intizomi buzish, pul va tovar-moddiy boyliklar kamomadi va asossiz xarajatlar aniqlanib, shundan 192,3 milliard so‘mi budjetga tiklanishi ta’minlandi.
Hisobot davrida vazirliklar va idoralar bo‘yicha qonun buzilishi holatlari va boshqa xato-kamchiliklar quyidagilarni tashkil etdi:
- Xalq ta’limi vazirligi tizimida o‘tkazilgan 248 ta nazorat tadbirining 198 tasida 43,3 milliard so‘m miqdorida qonun buzilishi holatlari aniqlanib, 2020-yil 1-chorakka (9,4 milliard so‘m) nisbatan qonun buzilishi holatlari 4,6 martaga oshgan;
- Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida o‘tkazilgan 275 ta nazorat tadbirining 212 tasida 23,3 mlrd so‘m miqdorida qonun buzilishi holatlari aniqlanib, 2020-yil 1-chorakka (7,9 milliard so‘m) nisbatan qonun buzilishi holatlari 2,9 martaga oshgan;
- Maktabgacha ta’lim vazirligi tizimida o‘tkazilgan 289 ta nazorat tadbirining 242 tasida 41,2 milliard so‘m miqdorida qonun buzilishi holatlari aniqlanib, 2020-yil 1-chorakka (5,4 milliard so‘m) nisbatan qonun buzilishi holatlari 7,6 martaga oshgan.
- Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tizimida o‘tkazilgan 116 ta nazorat tadbirining 111 tasida 22,4 milliard so‘m miqdorida qonun buzilishi holatlari aniqlangan (2020-yil 1-chorakda 135,4 million so‘mlik qonun buzilishi holatlari aniqlangan);
- Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tizimida o‘tkazilgan 42 ta nazorat tadbirining 36 tasida 16,1 milliard so‘m miqdorida qonun buzilishi holatlari aniqlangan (2020-yil 1-chorakda 767 million so‘mlik qonun buzilishi holatlari aniqlangan).
Shuningdek, Qishloq xo‘jaligi (3,3 milliard so‘m), Jismoniy tarbiya va sport (3 milliard so‘m), Bandlik va mehnat munosabatlari (2,7 milliard so‘m), Suv xo‘jaligi (2,5 milliard so‘m), Oliy va o‘rta maxsus ta’limi (2,2 milliard so‘m) vazirliklari, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi (2,7 milliard so‘m) va ular tizimidagi budjet tashkilotlarida ham yirik miqdorda moliyaviy qonun buzilishi holatlari aniqlangan.
Bundan tashqari, hokimiyatlar (3,4 milliard so‘m), hokimliklarning obodonlashtirish boshqarmalari (2,9 milliard so‘m), hokimiyatlar huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari (34,2 milliard so‘m)da o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida ham moliyaviy qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan.
Mahalliy budjetlar mablag‘larini maqsadli sarflanishi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida jami 189,1 milliard so‘m miqdorida, jumladan, Sirdaryo (40,2 milliard so‘m), Jizzax (23 milliard so‘m), Andijon (19,8 milliard so‘m), Toshkent (12,1 milliard so‘m), Qashqadaryo (11,4 milliard so‘m), Surxondaryo (8,9 milliard so‘m), Farg‘ona (8,1 milliard so‘m), Samarqand (7,9 milliard so‘m), Xorazm (6,4 milliard so‘m), Buxoro (6 milliard so‘m), Namangan (5,2 milliard so‘m), Navoiy (1,4 milliard so‘m) viloyatlarida hamda Toshkent shahrida (16,5 milliard so‘m) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (21,9 milliard so‘m) qonun buzilishi holatlari va boshqa xato-kamchiliklar aniqlangan.
Shu bilan birga, o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida ko‘rilgan choralar natijasida budjet muassasalarida xarajatlar smetasi va shtatlar jadvaliga ortiqcha rejalashtirilgan mablag‘larni qisqartirish va boshqa noqonuniy xarajatlarning to‘xtatilishi hisobiga jami 5,3 milliard so‘m miqdoridagi budjet mablag‘larini asossiz sarflanishining oldi olingan.
Budjet qonunchiligini buzganligi uchun budjetdan mablag‘ oluvchi tashkilotlarning 9 nafar rahbar va boshqa mansabdor shaxslariga ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalar tuzilib, ko‘rib chiqish uchun Ma’muriy sudlarga yuborilgan.
Shuningdek, 1 458 ta nazorat tadbirida aniqlangani 210,1 milliard so‘mlik qonun buzilishi holatlari qonuniy choralar ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yilda budjet mablag‘larning maqsadli foydalanishi yuzasidan 4729 ta nazorat tadbirlarida 246 milliard so‘mlik budjet kamomadi va asossiz xarajatlar aniqlanib, bu miqdorning 168,8 milliard so‘mi budjetga qaytarilgan.
Источник: Daryo.uz