Onalik baxti sabab omadli karyerasidan voz kechgan 5 mashhur ayol
Chaqaloq dunyoga kelgach, hayot butunlay o‘zgaradi. Bu fikrimizni farzandlarini tarbiyalash uchun muvaffaqiyat keltiruvchi rollardan ham, tonggacha davom etadigan ziyofatlardan ham voz kechgan mashhur onalar tasdiqlaydi.
Keti Xolms
2006-yilda “Douson ko‘rfazi” teleserialining yosh aktrisasi Keti Xolms Tom Kruzdan Suri ismli qizaloqni dunyoga keltirdi va o‘sha yilning noyabr oyida Kruzga turmushga chiqdi. “Farzandimiz tug‘ilgach, men o‘zimdagi juda ko‘p narsani o‘zgartirdim. Onalik baxti ayol uchun eng katta sovg‘adir”, — deydi Xolms intervyularining birida. Ammo olti yillik nikohdan keyin Keti ajrashish uchun ariza berdi — oiladagi kelishmovchilikning sababi Tom Kruzning sayentologiyaga mukkasidan ketishi edi. Sudda bolaning yagona vasiysi bo‘lish va yiliga 400 ming dollar aliment to‘latishga erishgan Keti Xolms o‘z karyerasini ikkinchi darajaga surib qo‘ydi va bo‘sh vaqtini qiziga bag‘ishladi. Hozirda uning qizi 15 yoshni qarshilagan.
Dryu Berrimor
Kichkintoy Dryu juda erta ulg‘aygan. U 9 yoshida sigareta chekkan, 11 yoshida esa ichishni boshlagan. 12 yoshida bo‘lajak yulduz birinchi marotaba marixuana, bir yildan so‘ng esa kokain tatib ko‘rgan. Hozir muvaffaqiyatli aktrisa va g‘amxo‘r ona Dryu Berrimor haqida gaplashayotganimizga ishonish qiyin. Farzandlari tug‘ilgandan so‘ng Dryu nafaqat yoshlikdagi odatlarini, balki filmlarda suratga tushishdan ham voz kechgan. “Men film va teleshoulardagi ko‘plab rollardan voz kechganman va qachon kino olamiga qaytishimni bilmayman. Endi mening hayotim bolalarim va turmush o‘rtog‘imga tegishli. Bundan tashqari, Flower kosmetika brendim va Flower Films prodyuserlik markazimni rivpojlantirish uchun harakatdaman. Mening borlig‘im bolalarim atrofida aylanadi, men yangi rol uchun qizlarim tarbiyasidan voz kechishga tayyor emasman”, — deya tan olgan yulduz 2016-yildagi intervyusida.
Jennifer Garner
Garner aktyor va rejissor Ben Afflek uchun ideal rafiqaga aylandi: 10 yildan ortiq vaqt davomida u uy ishlari va uch farzandi — ikki qizi va o‘g‘lini tarbiyalash bilan shug‘ullandi. Shu sababli ham Ben rejissorlik va prodyuserlik faoliyatida yangi yutuqlariga erishdi. Ko‘p bolali ona bo‘lgan Jenn vaqti-vaqti bilan ko‘p mehnat talab qilmaydigan loyihalarda ishtirok etdi. Masalan, u “Sevishganlar kuni” yoki “Aleksandr va dahshatli, qo‘rqinchli, juda yomon kun” komediyalarida rol o‘ynadi. Ammo er-xotin doim oilani ishga aralashtirmaslik uchun birgalikda ishlashdan qat’iyan bosh tortadi.
Nikol Richi
Bir paytlar rok-musiqachi bo‘lgan Nikol Richi har qanday yigitni raqsga tushirishi mumkin edi. Ammo Good Charlotte rok guruhi solisti Joel Madden bilan uchrashgandan keyin Nikolning hayoti o‘zgarib ketdi. Nikol eri bilan birgalikda homilador onalar va muhtoj bolalarga yordam ko‘rsatadigan xayriya fondini tashkil etdi. Shuningdek, Nikol Richi o‘zining zargarlik buyumlari ishlab chiqaradigan House of Harlow 1960 va Winter Kate liboslar tarmog‘ini ishga tushirdi, unga qizi Harlouning nomini berdi. Hozirda Nikol qizi va o‘g‘li hamda homiladorlik uning barcha yaxshi tomonlarini ochib berganini tan oladi: u energiya va ijodiy g‘oyalar bilan to‘lib-toshgan.
Anjelina Joli
20 yil oldin yosh Joli bo‘yniga turmush o‘rtog‘i — aktyor Billi Bob Torntonning qoni solingan shisha idishcha taqib yuradigan, har oy yangi tatuirovka qildiradigan qiz edi. Hatto aktrisa giyohvandlikka mukkasidan ketgan. Anjelina giyohvand modda iste’mol qilgan, shuningdek, kokain, ekstazidan foydalangan. “Men og‘ir, qorong‘i kunlarni boshdan kechirdim, ammo undan tirik va sog‘lom chiqdim. Men yosh o‘lib ketganim yo‘q va bu haqiqiy mo‘jiza. Men juda omadliman”, — deydi u. Joli bugungi kunda mehribon ayol, olti farzandning onasi va BMTning qochqinlarga ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha elchisi. 2015-yilda Joli o‘zini butunlay oilasiga bag‘ishlashi uchun kinoni tark etmoqchi ekanligini e’lon qildi. “Karyera mening hayotimdagi eng muhim narsa emas, — deydi Anjelina. — U menga o‘zimni anglashimga yordam berdi, ammo men uchun bu davr tugadi”. Shundan so‘ng aktrisa haqiqatan filmlarda rol ijro etishni to‘xtatdi. Uning suratga tushgan so‘nggi filmi “Malifisienta” bo‘ldi.