Dehqonobodda boshqaruvni yo‘qotgan Cobalt haydovchisi “Jiguli”ga urildi. “Jiguli” haydovchisi voqea joyida vafot etdi
Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida boshqaruvni yo‘qotgan Cobalt haydovchisi “Jiguli”ga urildi. Oqibatda “Jiguli” boshqaruvidagi 26 yoshli haydovchi voqea joyida vafot etdi. Bu haqda “Daryo”ga Dehqonobod tuman IIB, Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i Bahrom Nazarov xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, YTH bugun, 29-aprel kuni soat taxminan 09:00 da sodir bo‘lgan.
M-39 xalqaro avtomobil yo‘lining Dehqonobod tumanidan o‘tgan 1284-kilometrida Termiz—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib kelgan Cobalt qarama-qarshi tomondan ketayotgan Nexia avtomobilidan qochib, 1995-yil tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi “Jiguli”ga borib urilgan.
Oqibatda “Jiguli” boshqaruvidagi 26 yoshli haydovchi Q.D. olgan tan jarohatlari sabab voqea joyida vafot etgan. “Jiguli” salonidagi 26 yoshli yo‘lovchi ayol esa tuman shifoxonasiga olib borguncha yo‘lda vafot etgan. Cobalt haydovchisi va “Jiguli”ning boshqa yo‘lovchilari tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida tuman shifoxonasiga yotqizilgan.
Holat yuzasidan Dehqonobod tuman IIB va YHXB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda daraxtga urilgan Lacetti’ning 25 yoshli haydovchisi vafot etgani, Farg‘onada esa Damas velosipedchini urib yuborgani va jabrlanuvchi voqea joyida halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
Источник: Daryo.uz