Shahzoda Muhammedovaning onasi “Tundan tonggacha” filmida bosh rolga Sevinch Mo‘minova ham da’vogarlik qilgani haqida so‘zlab berdi (video)
Aktrisa va dizayner Shahzoda Muhammedovaning onasi Gulmira Muhammedova “O‘zim” loyihasiga bergan intervyusida qizining san’at olamiga kirib kelishi hamda uni mashhur qilgan “Tundan tonggacha” filmi kastingidan qanday o‘tgani haqida so‘zlab berdi.
“Birinchi bo‘lib kinostudiyaga 16 yoshida o‘g‘limni olib bordim. O‘g‘limning Murod Rajabovdek aktyor bo‘lishini istadim. Qizimni kinostudiyada dizayner bo‘lishini niyat qildim. Lekin har doim ham o‘ylagan narsang bo‘lavermas ekan. O‘g‘lim qolib, rejissor qizimni tanladi. Men yakka-yu yagona kelinman, qizim oilamizda yakka-yu yagona qiz nevara. Men orqamda turgan qaynota-qaynonamdan qanday dakki eshitishimni bilsam-da, qizimning kinoda rol o‘ynashiga jur’at qildim. ‘Omad’ filmidan taklif bo‘lganida o‘ylab ham o‘tirmasdan rozilik bildirdim, chunki ssenariyda qizimning fe’l-atvori yozilgan edi. Kichik rollardan boshlab, qanday qilib kino sohasiga kirib ketganimizni bilmay qoldik”, — deydi Gulmira Muhammedova.
Gulmira Muhammedovaning aytishicha, Shahzodani elga tanitgan “Tundan tonggacha” filmi kastingi ham osonlikcha o‘tmagan.
“Jahongir Ahmedov yana bitta ssenariy yozdim, deb bosh qahramon roliga taklif qilyaptilar bir payt qarasam. Qanaqa rol u, desam u rol homilador kelinchak roli ekan. ‘Yo‘q, men bu rolga rozi bo‘la olmayman’, deb qarshi bo‘ldim. Qaynota-qaynonam bu narsadan judayam ranjishidan qattiq qo‘rqdim. Qizim bu yoqda kasal edi, isitmalab yotgandi. Bu qo‘ng‘iroqni eshitganidan so‘ng esa bir pasda tirilib, bir pasda jonlanib qoldi. Ssenariyni borib o‘qib ko‘rsak, mengayam, qizimgayam yoqib qoldi. Doskada rasmlari ilingan aktyorlar jamoasini ko‘rib, yanayam qiziqish uyg‘ondi. Kasting ketayotgan edi. Kastingda 15 ta qiz ko‘rilayotgan ekan. Oxiri 8 kishi qolibdi. U sakkiz nafar qiz ichidan kuchli aktrisalar videosinov topshirayotgan ekan. Birozdan so‘ng ikki nafar qiz qolganini aytishdi. Ikkala qizdan biri Sevinch Mo‘minova, biri esa Shahzoda ekan. ‘Shahzoda, aniq aytaman Sevinch Mo‘minova yutadi’, dedim. Chunki uning qo‘shiqlari bor, qo‘shiqlaridan soundtrek sifatida foydalanishadi, dedim. Shahzodaning erkalanib o‘ynab beradigan joyi yoqib qoldi, shekilli, uni tanlashdi. Kutilmaganda filmga Shahzoda tasdiqlandi”, — deydi Gulmira Muhammedova.