Isroilda aholining 75 foizi emlandi, Gruziyada jamoat transporti to‘xtatib qo‘yildi, Gretsiya karantindan chiqishni boshladi. Koronaxabarlar

Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha koronavirusni yuqtirib olganlar soni 152 887 695 kishiga yetdi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha AQSh (32,4 million), Hindiston (19,9 million), Braziliya (14,7 million), Fransiya (5,7 million) va Turkiya (4,8 million) yetakchilik qilmoqda. Shuningdek, COVID-19 oqibatidagi o‘limlar soni 3 203 199 kishini tashkil qilmoqda.

Isroilda voyaga yetgan aholining 75 foizi to‘liq emlandi

Isroilning voyaga yetgan aholisining to‘rtdan uch qismi koronavirusga qarshi to‘liq emlandi, natijada mamlakat vaksinatsiya bo‘yicha dunyoda yetakchiga aylandi.

Isroil Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, 5 405 523 kishi vaksinaning birinchi, 5 094 785 kishi esa ikkinchi dozasini olgan.

Ta’kidlanishicha, mamlakat aholisining 55 foizi va voyaga yetgan aholining (16 yoshdan oshgan) qariyb 75 foizi to‘liq vaksina olgan. Birinchi dozani olganlar aholining 58 foizini, voyaga yetgan aholining esa 79 foizini tashkil qiladi.

1-martdan SSV 16 yoshdan oshgan va sog‘ayganiga uch oydan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa, koronavirus bilan kasallanib o‘tganlar ham emlanishi mumkin, deb e’lon qildi. Ular kasallanmaganlardan farqli ravishda, vaksinaning faqat bitta dozasini oladi.

Ayni vaqtda voyaga yetmagan aholini emlash masalasi muhokama qilinmoqda. Tadqiqotlar o‘tkazilmoqda. 31-mart kuni Pfizer kompaniyasi koronavirusga qarshi vaksina 12 yoshdan oshgan o‘smirlar uchun 100 foiz samarali, deb e’lon qilgan edi.

Gruziyada koronavirus tufayli jamoat transporti to‘xtatildi

Gruziyada koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat tufayli 3-maydan 12-maygacha jamoat transporti ishlamaydi. Taqiq taksi, shuningdek, shaharlararo tashuvlarga taalluqli bo‘lmaydi. Shaharlararo qatnov avvalgi qoidalar bo‘yicha amalga oshadi.

Bundan tashqari, hukumat qarori bo‘yicha, 4—11-may kunlari dam olish deb e’lon qilindi. Xususiy va davlat muassasalari xodimlariga masofaviy rejimda ishlash tavsiya etildi.

Aprelda SSVning Kasalliklar va jamiyat salomatligi ustidan nazorat milliy markazi bosh direktori Amiran Gamkrelidze mamlakatda koronavirusning uchinchi to‘lqini boshlanganini ma’lum qilgan edi.

Respublikada asosan “britancha” shtamm aylanib yuribdi. Gruziyada koronavirusga chalinish bo‘yicha ilk holat 2020-yil 26-fevralda qayd etilgan. O‘shandan buyon 312 445 kishi kasallanib, shularning 4151 nafari vafot etgan.

Respublikada 15-martdan aholini AstraZeneca va Pfizer vaksinasi bilan emlash boshlandi, hozirgacha 45 mingdan ortiq odam emlangan.

Gretsiyada restoran va kafelar faoliyati tiklanadi

Gretsiyada 3-may, dushanba kunidan restoran, kafe, bar va boshqa umumiy ovqatlanish muassasalari ochiladi. Hozircha ular faqat ochiq ayvonlarda xo‘randalarni qabul qilishi mumkin.

Shu paytgacha muassasalar yeguliklarni faqat uyga olib ketish uchun sotardi yoki yetkazib berardi. Ayvonlar 22:45 gacha ishlashi mumkin. Shu bilan birga, kafe va restoranlar xodimlari test topshirishi, stollar orasida muayyan masofa bo‘lishi, sanitariya qoidalari va gigiyena choralariga rioya qilinishi shart.

Bundan tashqari, komendantlik soati endi bir soatga kechroq (avvalgi 22:00 o‘rniga, endi 23:00 da) boshlanib, 5:00 gacha davom etadi. Qoidabuzarlar uchun 300 yevro miqdorida jarima ko‘zda tutilgan.

Gretsiyada odatiy hayotga qaytish bo‘yicha keyingi bosqich 10-mayda boshlanadi, shunda boshlang‘ich va o‘rta maktablarni ochish rejalashtirilmoqda.

Manba: Daryo.uz

Пример HTML-страницы

Вам может также понравиться...

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *