Abdulaziz Komilov Qirg‘iziston elchixonasiga borib, chegara to‘qnashuvlarida vafot etganlar munosabati bilan hamdardlik bildirdi
O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 2021-yilning 3-may kuni Qirg‘izistonning Toshkent shahridagi elchixonasiga tashrif buyurdi, deya xabar qilmoqda vazirlik matbuot xizmati.
Vazir Qirg‘iziston–Tojikiston davlat chegarasida yuz bergan fojiali voqealar yuzasidan chuqur hamdardlik bildirdi va Ta’ziya kitobiga tegishli qaydni kiritdi.
Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasidagi nizo 28-aprel kuni mahalliy aholi o‘rtasidagi janjal bilan boshlangan edi. U esa tojikistonlik harbiylar bahsli hududda joylashgan “Golovnoy” suv taqsimlash punkti yaqinidagi elektr ustuniga videokuzatuv kameralarini o‘rnatganidan keyin kelib chiqqan. Qirg‘iziston chegara xizmatining axboroti bo‘yicha 29-aprelda ikki davlat harbiylari o‘rtasida otishma sodir bo‘lgan.
To‘rt kunlik nizo mobaynida Qirg‘iziston tomonida 34 kishi halok bo‘lgani, 178 kishi jabrlangani haqida xabar berilgan. Qirg‘iziston IIV ma’lumotlariga ko‘ra, nizoda halok bo‘lganlarning barchasi o‘qotar qurol orqali o‘ldirilgan.
Bundan avval Qirg‘iziston va Tojikiston o‘z qo‘shinlarini davlat chegarasidan olib chiqib ketishni yakunlagani, shuningdek, nizo chog‘ida garovga olingan o‘n nafar Qirg‘iziston fuqarosi Tojikistonda asirlikdan ozod etilgani, nizodan keyin 11 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgan edi.
Manba: Daryo.uz