Bunyod Rahmatullayev “Yig‘lamagin” filmida qabrni o‘ziga qazdirishgani, dastlab kastingdan o‘tolmagani haqida gapirib berdi (video)
Aktyor Bunyod Rahmatullayev “Yig‘lamagin” filmida qabrni o‘ziga qazdirishgani, dastlab kastingdan o‘tolmagani haqida gapirib berdi.
Aktyor bu haqida YouTube’dagi YashinTV kanaliga bergan intervyusida aytib o‘tgan.
Dadam bilan Rustam Sa’diyevning ofisiga borganmiz. Yuzlarim to‘lishgan, ko‘zga yaqin bolacha edim. O‘shanda Rustam aka menga qarab “kinoda rol o‘ynashni xohlaysanmi?” degan. O‘ylab ham o‘tirmay “ha” deb aytganman. O‘zimga bo‘lgan ishonchimni va rol o‘ynashga xohishim borligini ko‘rib, Tohir Sodiqovning “O‘zbek” nomli qo‘shig‘ining klip jarayoniga taklif qilgan. Shu klipda o‘ynaganimdan so‘ng oradan to‘rt-besh yil vaqt o‘tib, “Yig‘lamagin” filmiga kastinga chaqirishgan.
Sinovdan o‘tolmaganman. Juda ko‘p yig‘laganman. Qalbdan qilingan duoning ijobati, albatta, bo‘ladi. O‘sha kunning o‘zidayoq, kechqurun meni qayta kastingga rahmatli ustoz rejissor Shuhrat Abbosov chaqirgan. Shu paytda qaytib borganman va yutib chiqqanman. Men bilan birga hozirgi estrada sohasida ko‘zga ko‘rinib kelayotgan isre’dodli xonanda Izzat Shukurov ham bor edi. Shuday qilib, 9 yoshimda bu rolni o‘ynadim va hayotimda katta o‘zgarishlar bo‘la boshladi. Xalq juda yaxshi qabul qildi.
Qiyinchiliklarga keladigan bo‘lsak, men zir titragan, ichimdan muzlab ijro etgan sahnam bu, albatta, qabr qazish sahnasi bo‘lgan. Qabrni o‘zimga qazdirishgan. Ota-onam o‘lgani, singlimga qabr qazishga mendan boshqa inson yo‘qligini ichimdan his qildirish uchun, shu vaziyatga tushurishgan. Mozor jim-jit. Men, partnyorim, tasvirchi va rejissor bor, xolos. Otam tashqarida turganlarini sezib turgan bo‘lsam ham muhit meni rostdan ota-onamdan ayirgan edi. Qattiq siqilganman, garchi yosh bo‘lsam ham. Filmda ko‘rgan barcha achinarli sahnalaringizni biz haqiqatan ijro etganmiz. Bu film haligacha xalq qalbida yashayotganining asosiy sababi ham mana shu bo‘lsa kerak.
Bunyod Rahmatullayev, aktyor
Ma’lumot uchun, Bunyod Rahmatullayev muxlislar orasida “Sehrli qalpoqcha”, “Yig‘lamagin”, “Ilhaq” kabi filmlardagi rollari bilan mashhurlikka erishgan.