Buyuk Britaniyada Yelizaveta II ning Bentley Mulsanne’si sotuvga qo‘yildi (foto)
Buyuk Britaniyada Yelizaveta II ga tegishli Bentley Mulsanne sotuvga qo‘yildi. Qirolicha limuzindan 2013—2015-yillarda foydalangan bo‘lib, keyinchalik Bentley kompaniyasiga qaytarilgan. Olti yil davomida mashina dilerlardan birida saqlangan sabab deyarli yo‘l bosmagan — 4010 kilometr, deb xabar beradi Motor.
Bramley vakilining ma’lum qilishicha, Yelizaveta II ga tegishli bo‘lgan Bentley Mulsanne boshqa sedanlardan u qadar katta farq qilmaydi. Qirollik oilasiga mo‘ljallangan avtomobil zirhlanmagan yoki maxsus opsiyalar bilan jihozlanmagan.
“Qirollik” Mulsanne’si hech qachon ro‘yxatga qo‘yilmagani, shuningdek, radiator panjarasiga ko‘k stroboskoplar (yorug‘lik signallari) o‘rnatilgani bilan ajralib turadi. Interyerning o‘ziga xosligi — old o‘rindiqlarning orqa tomoniga o‘rnatilgan shponli stolchalar. Qolgan jihatlari bilan Yelizaveta II ning Bentley’si mutlaqo standart.
Noyob Bentley Mulsanne kapoti ostida 512 ot kuchi va 1020 Nm aylanuvchi momentni taqdim etishga qodir 6,75 litrli V8 dvigateli o‘rin olgan. Agregat sakkiz pog‘onali ZF avtomat uzatmalar qutisi yordamida boshqariladi.
Bramley Motors qirolichaga tegishli bo‘lgan Bentley uchun 179 850 funt sterling so‘ramoqda, ya’ni noyob sedan standart Mulsanne’dan 100 ming funtga qimmatroq.
Avvalroq Bruney sultonining “ko‘p ko‘zli” superkari 750 ming dollar narxda sotuvga qo‘yilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Источник: Daryo.uz