Kanada Johnson & Johnson vaksinasidan foydalanishni vaqtincha to‘xtatdi
Kanada hukumati Amerikaning Johnson & Johnson kompaniyasiga tegishli koronavirus vaksinasidan foydalanishni vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib, CBC xabar berdi.
Qaror Kanadaga kirib kelgan preparatning dozalari Baltimordagi American Emergent zavodida ishlab chiqarilgani ma’lum bo‘lgandan keyin qabul qilindi. Avvalroq The New York Times gazetasi ushbu zavodda 15 million doza Johnson & Johnson vaksinalari yaroqsiz holga kelib qolgani haqida xabar bergan edi.
Vaksina Sog‘liqni saqlash vazirligining “sifat, xavfsizlik va samaradorlikning yuqori standartlariga javob berishi” talablariga javob bersagina, tarqatish uchun ruxsat beriladi, deyilgan vazirlik xabarida.
CBC’ning ta’kidlashicha, bu haftada Kanadaga 300 ming doza Johnson & Johnson vaksinasi olib kelindi.
Baltimordagi zavodda Johnson & Johnson va AstraZeneca kompaniyalarining koronavirusga qarshi vaksinalari ishlab chiqarilayotgan edi. The New York Times gazetasining ma’lumotlariga ko‘ra, Emergent BioSolutions tasodifan ikki vaksinaning ingrediyentlarini aralashtirib yuborgan. Johnson & Johnson rahbariyati preparatning o‘sha partiyasi sifat nazoratidan o‘tmaganini ta’kidladi.
Bu voqeadan keyin Jo Bayden ma’muriyati zavod faoliyatini Johnson & Johnson nazorati ostiga topshirdi, AstraZeneca vaksinasini ishlab chiqarish esa to‘xtatildi.
Kanada Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatga xuddi shu zavoddan olib kelingan 1,5 million dozaga yaqin AstraZeneca vaksinasi sifat talablariga javob beradi, deb hisoblaydi.
13-aprel kuni Johnson & Johnson vaksinasi bilan emlangan olti nafar ayolda tromblar hosil bo‘lgani ma’lum bo‘lgach, AQSh kompaniya vaksinasidan foydalanishni to‘xtatdi. “Ularning paydo bo‘lishiga sabab trombotsitlar faollashishiga olib keladigan kam uchraydigan immun reaksiyasi bo‘lishi mumkin”, — dedi AQSh Oziq-ovqatlar va dorilar sifati boshqarmasi (FDA) tadqiqot markazlaridan birining direktori Piter Marks.
24-aprel kuni, preparatning foydasi uning xavfidan ustun ekanini aytgan mutaxassislarning tavsiyasidan keyin nazoratchilar uni ishlatishga qayta ruxsat berdi.
Janubiy Afrikada ham Johnson & Johnson vaksinasidan foydalanish vaqtincha to‘xtatildi. Vaksinani rad etish Afrikaning koronavirusdan eng ko‘p aziyat chekkan ushbu mamlakatida emlash kampaniyasini kechiktiradi.
Ma’lumot uchun Johnson & Johnson kompaniyasining vaksinasidan foydalanish AQShda fevral oyida, Yevropa Ittifoqida esa mart oyida tasdiqlangan. 12-aprel holatiga ko‘ra, Johnson & Johnson AQShga 6,8 million dozadagi vaksinani yetkazib bergan.
Manba: Daryo.uz