O‘zbekistonlik dijey Roger Gunn Minorayi kalonda navbatdagi musiqiy to‘plamini taqdim etdi (video)
Poytaxtlik dijey Roger Gunn – Sarvar Po‘latov Buxorodagi Minorayi kalonda tasvirga olingan musiqiy klipini taqdim etdi, deb yozadi “Afisha.uz”.
Videotasvirda zamonaviy musiqa va tarixiy meros birlashtirildi. Dijey bu bilan nafaqat o‘zining iste’dodini namoyish etdi, balki sayyohlar e’tiborini mamlakatning diqqatga sazovor joylariga ham qaratdi.
Sarvarga ushbu musiqiy to‘plamni yaratishda O‘zbekistonning tarixiy maskanlarini ko‘rsatish fikri turtki bo‘lgan. Dijeyning so‘zlariga ko‘ra, bu hamma uchun qiziqarli bo‘lishiga shubha qilmagan. Shuningdek, bu vatanining g‘ayrioddiy joylarini sayyohlarga namoyish etish imkoniyatini beradi.
“Biz jamoamiz – Abror Ismoilov, Tim Yeliseyev va Shahriyor Qurbonovlar ushbu g‘oya bilan Turizm va sport vazirligiga murojaat qildik va ijobiy javob oldik. So‘ngra zudlik bilan yo‘lga chiqdik, ammo bizni bir qancha qiyinchiliklar kutayotganini bilmas edik”, – deydi dijey.
Musiqiy to‘plam davomiyligi, taxminan, 25 daqiqani tashkil etadi. Ammo tayyorgarlik uchun ko‘proq vaqt ketgan. Bundan tashqari, klipni suratga olish jarayonida minorada kuchli shamol bo‘lgan va natijada ishlash qiyin kechgan. Hattoki stolni shamol uchirib yuborgan va dron harakatlanishi oson bo‘lmagan.
Eslatib o‘tamiz, dijey yaqinda Toshkent teleminorasida o‘z musiqiy to‘plamini taqdim etgan. Uning bundan avvalgi videosi orqali muxlislar nafaqat musiqadan, balki Chimyon tog‘larining go‘zalligidan ham bahramand bo‘lgan edi.