Qirg‘iziston prezidenti Tojikiston bilan tinchlik yo‘lida oqsoqollardan iborat komissiya tuzishni taklif qildi
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mojaro sodir bo‘lgan hududga qo‘shni qishloqlarda yashovchi Qirg‘iziston va Tojikiston oqsoqollaridan iborat “tinchlikparvarlik komissiyasini” tuzishni taklif qildi. Bu haqda mamlakat prezidenti matbuot xizmatiga tayanib, “RBK” xabar berdi.
“Keyingi to‘qnashuvlarning oldini olish uchun men qo‘shni yoki aralash qishloqlarda yashovchi har ikki tomonning oqsoqollaridan iborat tinchlikparvarlik komissiyasini tuzishni taklif qilaman”, — deyiladi prezidentning xalqqa murojaatida.
Japarovning aytishicha, Tojikiston bilan ziddiyat paytida Qirg‘izistonning hududiy yaxlitligi tahdid ostida bo‘lgan, ammo “Qirg‘iziston chegarachilari va huquq-tartibot idoralarining tayyorgarligi, yuksak ma’naviyati va qahramonligi tufayli” hududlar saqlab qolingan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat hukumati “Botkenga zudlik bilan borishni va qo‘liga qurol olib, shu orqali o‘zlarining vatanparvarligini namoyish etishni istagan” yoshlarning ushbu harakatlarini to‘g‘ri tushungan, biroq keng miqyosli mojaroning oldini olish va barqarorlikni saqlash uchun ularga qurol bermagan.
Qirg‘iziston prezidenti ta’kidlashicha, ikkala tomon ham takroran to‘qnashuvga yo‘l qo‘ymasligi kerak, aks holda buning natijasida ko‘plab odamlar aziyat chekishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, rasmiylar vayron bo‘lgan va yonib ketgan uylarni qayta tiklash bo‘yicha choralar ko‘radi va odamlarni yashash joylariga qaytishga chaqirdi.
Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati Qirg‘iziston va Tojikiston chegaralarni aniqlash va belgilash to‘g‘risida bitim imzolagani haqida xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, 2-may, yakshanba kuni Botken viloyatida ikki mamlakat hukumat delegatsiyalarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Delegatsiyalar rahbarlari nizolarni umumiy chegarada tinch yo‘l bilan hal qilish zarurligini ta’kidladi.
“Qirg‘iziston—Tojikiston davlat chegarasi loyiha liniyasining davlat chegarasining qolgan qismlaridan o‘tishini yanada tavsiflashni kuchaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi”, — deyiladi xabarda. Hukumat delegatsiyalari uchrashuvi yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonnoma imzolagan.
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyevning ma’lum qilishicha, chegaradagi mojaro hal qilingandan so‘ng, Qirg‘iziston va Tojikiston avval boshdan egalik qilib kelayotgan hududlarini o‘zida saqlab qoladi. “Biz har ikki tomon ushbu voqealardan oldin o‘zlariga tegishli bo‘lgan yer uchastkalariga egalikni davom ettirishiga kelishib oldik”, — dedi u.
Shuningdek, harbiy xizmatchilar va harbiy texnika qismlarini chegaradan ularning doimiy joylariga olib ketish va tomonlarning kelishuvlar bajarilishini nazorat qilish uchun qo‘shma komissiya tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Shu bilan birga, “RIA Novosti” Tojikistonning Isfar shahar hokimligiga tayanib, chegaradagi vaziyat tinch ekani haqida xabar berdi.
“Ayni paytda biz o‘z qo‘shinlarimizni chegaradan butunlay olib chiqdik. Chegaradagi qurolli to‘qnashuv tugadi, endi biz imzolangan kelishuvning barcha bandlarini bosqichma-bosqich bajarib, Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara muammosiga chek qo‘yishimiz kerak. Bizning asosiy maqsadimiz odamlarni tinch hayotga chaqirishdir. Hammasi o‘tib ketadi. Bugun biz odamlarni tinch va o‘zaro hamjihatlikda yashashi uchun harakat qilishimiz kerak”, — dedi Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Sayimumin Yatimov.
Avvalroq Qirg‘iziston va Tojikiston o‘z qo‘shinlarini davlat chegarasidan olib chiqib ketishni boshlagani, shuningdek, nizo chog‘ida garovga olingan o‘n nafar Qirg‘iziston fuqarosi Tojikistonda asirlikdan ozod etilgani, nizodan keyin 11 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani xabar berilgan edi.
Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasidagi nizo 28-aprel kuni mahalliy aholi o‘rtasidagi janjal bilan boshlangan edi. U esa tojikistonlik harbiylar bahsli hududda joylashgan “Golovnoy” suv taqsimlash punkti yaqinidagi elektr ustuniga videokuzatuv kameralarini o‘rnatganidan keyin kelib chiqqan. Qirg‘iziston chegara xizmatining axboroti bo‘yicha 29-aprelda ikki davlat harbiylari o‘rtasida otishma sodir bo‘lgan.
Manba: Daryo.uz