Saida Saidbekova turmush o‘rtog‘i Trailblazer va Malibu avtomobillarini sovg‘a qilgani haqida so‘zlab berdi (video)
Aktrisa Saida Saidbekova “Yashin TV” YouTube kanaliga bergan intervyusida turmush o‘rtog‘i bilan qanday tanishgani hamda undan olgan eng qimmatbaho sovg‘alari haqida so‘zlab berdi.
“Turmush o‘rtog‘im bilan tanishishimiz juda ajoyib bo‘lgan, bu ham bir kino desam bo‘ladi. Ko‘chada tanishganmiz. Yigitlar chiroyli qizlarni ko‘rsa, xushomad qilgisi keladi. Menga ham gap otgan. ‘Qo‘ying, men siz o‘ylagan qizlardan emasman’, deganman. Lekin qo‘ymay orqamdan uyimgacha borganlar. Nomerimni berganman, do‘st bo‘lamiz, deb. Shunday qilib, do‘stona gaplashib yurdik. Turmush o‘rtog‘im juda rashkchi, qattiqqo‘l inson. Buyog‘iga qattiq ushladilar. Sovchi jo‘natib, to‘yimiz ham tezda bo‘lib ketdi. To‘ydan oldin, ‘Mayli ssenariylarni birga o‘qiymiz, ma’qul kelsa, filmlarda suratga tushaverasiz’, degandilar. Lekin to‘ydan keyin rashklari yanada kuchaydi, telefon raqamlarimni ham o‘zgartirib tashladim, Telegram’dan ham foydalanmasdim. Instagram sahifamni yaqinda ochdim”, — deydi aktrisa turmush o‘rtog‘i haqida gapirarkan.
Shuningdek, Saida Saidbekova turmush o‘rtog‘i tomonidan sovg‘a qilingan eng qimmatbaho sovg‘alar bu — Malibu hamda Trailblazer avtomobillari ekanini ham aytib o‘tdi.
“Turmush o‘rtog‘im bizning xavfsizligimiz haqida juda qayg‘uradilar. ‘Farzandlaring bilan chiqqaningda, albatta, Trailblazer’ni haydagin, xavfsiz bo‘lasizlar, ko‘nglim xotirjam bo‘ladi’, deb aytadilar”, — deydi aktrisa.
Aktrisaning aytishicha, turmush o‘rtog‘i davlat ishida ishlaydi.
“Dadajonim senator, turmush o‘rtog‘im davlat ishida, bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlaydilar, oyijonim esa oddiy uy bekasi”, — deydi aktrisa.