Samsung Galaxy Z Fold qon bosimi va xolesterin miqdorini o‘lchashni o‘rganib oladi
Samsung Electronics kompaniyasi “Buklanadigan elektron qurilma va uning yordamida bioma’lumotlarni baholash usuli” nomli patentni 2020-yilning aprelida AQSh Patent va tovar belgilari idorasi (USPTO) hamda Butunjahon intellektual mulk tashkilotiga (WIPO) topshirgan edi. Hujjatlar 2021-yilning 25-martida tasdiqlangan va e’lon qilingan, deb xabar beradi IXBT.
Patentdagi tasvirni ifodalashda Galaxy Fold uslubidagi smartfondan foydalanilgan bo‘lib, u teng ikki qismga buklana oladi. Izohda qayd etilishicha, ushbu texnologiyadan, shuningdek, Galaxy Z Flip’da ham foydalanish mumkin.
Ekranning pasti qismidagi egiluvchan ekranda ikkita tasvir datchigi joylashgan. Ko‘rsatkich barmoqni datchiklardan biri yoki ikkalasiga qo‘yish orqali turli ma’lumotlarni olish mumkin, masalan, yurak urishi yoki arterial bosim. Bundan tashqari, uyqu arteriyasining holatini tekshirish va xolestirin miqdori haqida ma’lumotlarni olsa bo‘ladi. Shu bilan birga, qurilma arteriyalar devorlarining qattiqligi, stress va charchoq darajasini baholashga qodir.
Samsung, shuningdek, muqobil variant sifatida datchiklarni qurilmaning tashqi tomoniga joylashtirishi mumkin. O‘lchash kaftni unga bosish orqali amalga oshiriladi. Bundan tashqari, quyidagi suratda ko‘rsatilganidek qurilaning ikki uchidan ushlash orqali ham ushbu amalni bajarish mumkin.
O‘lchashdagi aniqlikni ta’minlash maqsadida Samsung foydalanuvchining jinsi, og‘irligi va tana massasining indeksini hisobga oladi. Shuningdek, havo harorati va namlik borasidagi ma’lumotlarni olish uchun atrof-muhitdagi vaziyat ham o‘lchanadi. Shundan so‘ng, foydalanuvchi o‘z sog‘lig‘i borasidagi ma’lumotlarga ega bo‘ladi.
Avvalroq Samsung kompaniyasi kvant himoyaga ega Galaxy Quantum 2 smartfonini taqdim etgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Manba: Daryo.uz