Tushda asal | Тушда асал
ASAL (ANGABIN) Kirmoniy (r.a.)ning aytishicha, asal moldan yetadigan imkoniyat va fe’ldan hosil bo‘ladigan yaxshilikdir, zero unda dardlarga shifo bor. Asal farovon rizq bo‘ladi. Chunonchi, Alloh ta’olo Qur’oni karimda aytadi: . . . Ularning qorinlaridan odamlar uchun shifo bo‘lgan turli rangdagi sharbat (asal) chiqur. . . (Nahl surasi, 69-oyat). Tushida asali borligini ko‘rsa, uning mikdoriga muvofiq ilm va donish hosil qilishiga dalildir. Agar asaldan odamlarga berayotganini va ular yeyayotganlarini ko‘rsa, odamlar uning ilmidan foyda topishlariga dalildir. Agar buning aksini ko‘rsa, foyda topmaydi.
Hazrati Sodiq (r.a.)ning aytishicha, tushda asal ko‘rish uch narsaga belgi bo‘ladi: birinchi; halol rizqqa; manfaatga va maqsadga yetishga.
Ibn Sirin (r.a.)ning aytishicha, tushdagi mumli asal meros yoki halol boylik bo‘ladi. Tushida asali borligini ko‘rsa, uning mikdoricha biror yerdan halol meros topishiga dalildir.
Ba’zi ta’birchilarning aytishlaricha, asal Qur’onga dalildir.