Tushda fil | Тушда фил
FIL Ibn Sirin (r.a.)ning aytishicha, ta’birchilar aytadilarki, kunduz bilan tunda ko‘rilgan tushlarning orasida hech bir farq yo‘q, biroq filni ko‘rishda farq bor. Agar biror kishi tushda fil ustida o‘tirganini ko‘rsa, nobakor bir ayolga uylanishini bildiradi. Agar bu tushni kunduzi ko‘rsa, xotinini taloq qilishiga yoki kanizagini sotib yuborishiga dalildir. Agar filni o‘ldirganini ko‘rsa, podshoh uning qo‘lida o‘ladi yoki mahkam berkitilgan qal’ani ochishiga dalildir. Agar fil uning boshiga oyog‘ini qo‘yib, o‘ldirganini ko‘rsa, halokatga yaqin qolishi va ahvoli yomon bo‘lishini bildiradi. Agar filning boshiga o‘tirganini va bu fil boshqa odamniki ekanini ko‘rsa, bir podshohning xizmatidan ikkinchi podshohning xizmatiga o‘tishiga dalildir.
Kirmoniy (r.a.) aytadiki, agar filda o‘tirganini va bu fil yuvosh va mute ekanini ko‘rsa, ajam podshohi bo‘lishi yoki ajam podshohiga zug‘um o‘tkazishini bildiradi. Agar fil go‘shtidan yeyayotganini ko‘rsa, shu go‘sht mikdoriga muvofiq ajam podshohidan molu ne’mat topishini bildiradi. Agar fil suyagi yoki terisidan biror narsaga ega bo‘lganini ko‘rsa, bu ham podshohdan molu ne’mat topishiga dalildir. Agar jangda fil ustida o‘tirganini ko‘rsa, ulug‘ dushmanga g‘olib kelishini bildiradi, bu so‘zga Ashob ul-fil qissasini dalil keltiradilar. Agar fildan yiqilib tushganini ko‘rsa, og‘ir baloga giriftor bo‘lishini bildiradi. Agar filning jangda yiqilganini va o‘lib qolganini ko‘rsa, o‘sha diyor podshohining o‘limiga dalildir.
Jobir Mag‘ribiy (r.a.) aytadiki, tushda tomosha qilish uchun filga o‘tirganini, fil esa unga qodir ekanini ko‘rsa, Ajamiy ayolga uylanishini, ayol esa uning ustidan qodir ekanini bildiradi, agar buning aksini ko‘rsa, u xotin ustidan qodir bo‘ladi. Agar fil minishga tayorlangan bo‘lsa va uning ustiga minib, bir shahardan ikkinchi shaharga ketayotganini ko‘rsa, o‘sha mamlakat podshohi boshqa mamlakat podshohi tomon podshohini halok qilish uchun borishini bildiradi.
Ja’far Sodiq (r.a.) aytadiki, tushda fil ko‘rmoq olti narsaga dalildir: Ajam podshohiga; g‘ulomga; makrli odamga; quvvatli va haybatli odamga; hasadchi odamga; qonxo‘r sitamgarga.