Tushda hassa, aso | Тушда хасса, асо
HASSA (ASO) Ibn Sirin (r.a.)ning aytishicha, tushdagi hassa ulug‘ va qadrli kishidir. Agar tushida hassasi borligini yoki birov unga berganini ko‘rsa, unga ulug‘ bir kishidan qadr va izzat yetishiga dalildir. Agar hassasi yo‘qolib qolganini ko‘rsa, ta’biri buning aksidir. Agar tushida hassaga suyanib turganini ko‘rsa, ulug‘ bir odamning ko‘magi bilan izlagan narsasiga yetishiga dalildir.
Kirmoniy (r.a.)ning aytishicha, tushida qo‘lidagi hassasi uzayib qolganini ko‘rsa, maqsadiga yetishiga dalildir, Agar qiskarib qolganini ko‘rsa, ta’biri buning aksi bo‘ladi. Agar hassasini birovga hadya qilganini ko‘rsa, halok bo‘lishiga dalildir.
Agar tushida hassa u bilan so‘zlashganini ko‘rsa, oilasida farzand tug‘ilishi va undan foydalar ko‘rishini bildiradi.
Ja’far Sodiq (r.a.)ning aytishicha, tushdagi hassa uch narsaga dalildir: ulug‘ bir odamga; podshohga; quvvatga.