Tushda marvarid | Тушда марварид
MARVARID (MARVORID) Doniyol (a.s.)ning aytishlaricha, tushdagi marvarid g‘ulom yoki kanizakning farzandi bo‘ladi. Ibn Sirin (r.a.)ning aytishicha, tushdagi marvarid chiroyli kanizak yoki go‘zal xotin bo‘ladi. Boshqalarning aytishicha, tushdagi yirik marvarid ilmu hikmat so‘zlariga dalildir. Boshqa ta’birchilar bo‘yicha, o‘g‘illar va qizlarga dalildir. Ibn Sirin (r.a.)ning aytishicha, bunday marvarid xotinlarga va qizlarga dalildir. Tushida og‘zidan marvarid shodasi chiqqanini ko‘rsa, og‘zidan ilmu hikmatga oid so‘zlar qatorlashib chiqishiga dalildir. Tushida marvarid yeganini ko‘rsa, ilmu hikmat va tavhidni yashirishiga yoki Qur’onni esidan chiqarishiga dalildir. Tushida uyida yoki ko‘chada marvarid shodalarining yoyilib yotganini ko‘rsa, ilm va hikmat haqida uning yozgan va tuzgan kitoblari ko‘p bo‘lishiga va odamlar uning so‘zlaridan ilm o‘rganishlariga dalildir. Tushida o‘tin o‘rniga marvarid yoqayotganini ko‘rsa, ilmu hikmat o‘rgatishga arzimaydigan odamlarga ilmu hikmat o‘rgatishiga dalildir. Tushida ko‘pgina marvaridi borligini ko‘rsa, tush ko‘ruvchi dindor va porso bo‘lsa, uning dini va diyonatining ziyoda bo‘lishiga dalildir, agar boy bo‘lsa, boyligi ziyoda bo‘ladi. Kirmoniy (r.a.)ning aytishicha, tushida marvaridi borligini ko‘rsa, chiroyli farzand tug‘ilishiga dalildir. Chunonchi, Haq subhonahu va ta’olo Kalomi Majidda aytadi: Ularning usti-da go‘yo (sadaf ichida) yashiringan gavhardek (pok va xushsurat) g‘ulomlar aylanib (xizmat qilib) yurar (Tur surasi, 24-oyat). Agar katta marvaridni ko‘rsa va bu marvarid haddan oshiq katta bo‘lsa, ko‘p boylik hosil qilishiga dalildir. Tushida marvaridini sotib yuborganini ko‘rsa, ilm va Qur’onni unutishiga dalildir. Agar marvaridni og‘ziga solganini va yutib yuborganini ko‘rsa, Haq ta’olo unga ilm ato qilishiga dalildir. Agar marvaridni noma’lum bir yerga otib yuborganini ko‘rsa, ilm qadrini bilmaydigan odamga ilm o‘rgatishiga dalildir. Agar marvarid shodasini ko‘liga bog‘lab olganini ko‘rsa, qiz tug‘ilishiga dalildir. Mag‘ribiy (r.a.)ning aytishicha, tushida ko‘pgina marvaridi borligini ko‘rsa, Haq subhonahu va ta’olo unga ilmu hikmat ato qilishiga dalildir. Tushida og‘zidan dona-dona qimmatbaho marvaridlar chiqayotganini ko‘rsa, yaxshi so‘zlar aytishi va odamlar bu so‘zlarni yoqtirishlariga dalildir. Tushida qo‘lidagi marjon shodasi yerga tushganini va singanini ko‘rsa, ko‘p so‘zlashiga dalildir. Ismoil Aigas (r.a.)ning aytishicha, tushida marvaridni go‘ng tashlaydigan joyga yoki birorta iflos joyga tashlaganini ko‘rsa, ilmu hikmatni nodon odamga aytishiga dalildir. Agar marvaridni olovda kuydirganini yoki tosh bilan sindirganini ko‘rsa, shari’atga xilof ish qilishiga dalildir. Tushida marvarid oyog‘ining ostida singanini ko‘rsa, bolasi o‘lishiga dalildir. Agar marvarid erlik olatidan chiqqanini va teshigi yo‘qligini ko‘rsa, qiz tug‘ilishiga dalildir. Agar marvarid shodasini bo‘yniga ilganini ko‘rsa, har xil ilmlar hosil qilishiga dalildir. Agar uni birovning bo‘yniga osib ko‘yganini ko‘rsa, o‘sha odamga ilmu hikmat o‘rgatishiga dalildir. Agar qulog‘iga marvarid sirg‘a osganini ko‘rsa, Qur’on yodlashiga dalildir. Agar qopda marvarid borligini ko‘rsa, uning miqdoriga muvofiq ilm hosil qilishiga dalildir. Jobir Mag‘ribiy (r.a.)ning aytishicha, tushida marvaridfurushlik qilganini ko‘rsa, o‘zi porso va solih bo‘lsa, har xil ilmdan bahramand bo‘lishiga dalildir, agar u ilm ahlidan bo‘lmasa, farzand tug‘ilishi va ko‘p boylik topishiga dalildir. Ja’far Sodiq (r.a.)ning aytishicha, tushdagi marvarid olti narsani bildiradi: Qur’onni; hikmat va ilmni; boylikni; xotinni; chiroyli kanizakni; qobil farzandni. Tushdagi marvaridfurush bola-chaqasi va boyligi ko‘p hamda din ilmiga ega bo‘lgan kishidir.
Пример HTML-страницы