Tushda so’z, so’zlamoq | Тушда суз, сузламок
SO‘Z (SUXAN) Ibn Sirinning aytishicha, tushda so‘z aytish yoki so‘z eshitish, qaysi tilda ekaniga qarab, ta’biri har xil bo‘ladi. Agar arab tilida biror narsa aytsa yoki eshitsa, ulug‘lar bilan suhbat qurishiga, ulardan izzat va e’tibor ko‘rishiga hamda Rasululloh (s.a.v.) hadislaridan eshitishiga dalildir. Agar fors tilida so‘zlasa, yoki eshitsa ulug‘lar bilan suhbat qurishi va ulardan yaxshiliklar ko‘rishiga dalildir. Agar yahudiylar tilida so‘z aytganini yoki eshitganini ko‘rsa, meros topishiga dalildir. Agar yunon tilida so‘zlayotgani yoki eshitayotganini ko‘rsa, ilmu hikmat bilan mashg‘ul bo‘lishiga dalildir. Hech qachon eshitmagan bir tilda so‘z aytayotgani yoki eshitayotganini va nima deb,nima eshitganini o‘zi bilmasa, biror ishda hayronlikda qolishiga, bu holatdan qanday qilib qutilishni bilmasligiga dalildir.
Kirmoniyning aytishicha, hamma tilda so‘z aytib, so‘z eshitayotganini ko‘rsa, barcha ishga kirishishi va bu ishlardan unga foyda yetishiga dalildir.
Jobirning aytishicha, barcha tilda so‘zlash va eshitishni ko‘rmoqning ta’biri shuki, agar bu so‘z yaxshi bo‘lsa, yaxshilik, yomon bo‘lsa buning aksi bo‘lishiga dalildir. Agar a’zolaridan biri so‘z aytayotganini ko‘rsa, o‘zini ko‘rgan bo‘ladi. Alloh ta’olo aytadi: Ul kuni tillari, qo‘llari va oyoqlari qilgan ishlaridan guvohlik berurlar (Nur surasi, 24-oyat).