Ukraina Morgenshternni milliy xavfsizlikka tahdid deya e’lon qilib, reperning mamlakatga kirishini taqiqlab qo‘ydi
Ukraina Madaniyat va axborot siyosati vazirligi rossiyalik reper Morgenshternni (haqiqiy ismi — Alisher Valiyev) milliy xavfsizlikka tahdid tug‘diruvchi shaxslar ro‘yxatiga kiritdi, deb xabar beradi idora matbuot xizmati.
Rossiyalik musiqachi “qora ro‘yxat”ga Ukraina Xavfsizlik xizmatining talabi bilan kiritilgan. Buning sababi ochiqlanmagan. Endilikda Morgenshternning mamlakatga kirishiga taqiq o‘rnatilgan.
Reperning o‘zi esa Ukraina Madaniyat vazirligining qaroriga Instagram’dagi sahifasi orqali munosabat bildirgan: “Ukraina, konsertlar bo‘lmaydi. Kimdir meni sizlarning millatingizga xavf deb hisoblamoqda”.
“Gromadskoe” nashrining yozishicha, Morgenshtern yozda Kiyev, Xarkov va Zaporojyeda konsert berishni rejalashtirgan, biroq o‘tgan hafta mamlakatga kirishga qo‘rqayotgani sabab rejalari o‘zgarganini ma’lum qilgan.
Reper 2019-yilning dekabrida Odessada konsert bergan edi, o‘shanda shahardagi mahalliy kollejda sodir bo‘lgan yong‘in qurbonlari xotirasiga motam e’lon qilingan bo‘lgan. Morgenshtern motam marosimini “ko‘zbo‘yamachilik” deb atagan. Shundan so‘ng Ukraina prezidentining saytida musiqachining mamlakatga kirishini taqiqlaydigan petitsiya paydo bo‘lgandi.
Ukraina milliy xavfsizligiga tahdid uyg‘otuvchi madaniyat xodimlari ro‘yxati 2015-yildan buyon yuritilmoqda. Ular orasidan Ivan Oxlobistin, Sergey Bezrukov, Mixail Porechenkov, Mixail Boyarskiy, Grigoriy Leps va Iosif Prigojin kabi rossiyalik artistlar o‘rin olgan.
Eslatib o‘tamiz, Morgenshtern 2020-yilning oktabrida Instagram’da Mercedes-Benz E200 mashinasi uchun tanlov o‘tkazgan va unda Buxoroda yashovchi @aza_1002 akkaunti egasi Azim Abdullayev g‘alaba qozongan edi.
Morgenshtern o‘shanda g‘olib bilan bog‘langan va avtomobilni shaxsan o‘zi O‘zbekistonga olib kelishini ma’lum qilgan. Keyinroq musiqachi O‘zbekistonda xorijda ishlab chiqarilgan mashina uchun belgilangan bojxona to‘lovlari miqdoridan xabar topgach, o‘z stories’ida videoxabar qoldirgan. Reper dekabr o‘rtalarida Azim Abdullayevga Mercedes avtomobilini tantanali tarzda topshirish uchun Buxoroga kelgandi.