Vyetnamlik bloger yog‘ochdan Land Rover Defender nusxasini yaratdi (video)
Vyetnamlik bloger o‘zining YouTube’dagi Woodwoking Art kanalida yog‘ochdan avtomobil yasagani tasvirlangan navbatdagi videosi bilan bo‘lishdi. Bu safar u yog‘och bo‘lagidan Land Rover Defender 110’ning nusxasini yasagan.
13 daqiqali videorolikda bloger o‘zining uzoq vaqt davom etgan mashaqqatli mehnatini namoyish etgan. Land Rover Defender 110 nusxasini yaratishda erkak butun bo‘lakli yog‘och va yo‘ltanlamasning karton nusxasidan foydalangan. Frezali stanok, drel va silliqlovchi mashina yordamida rolik muallifi modelning kuzovini yasab olgan. Shundan so‘ng, yog‘och bo‘laklarini avtomobilning oyna va tom qismini yaratish uchun bo‘yagan.
Iskana yordamida bloger radiator panjarasi, faralar, kapot relyefi kabi mashina eksteryerining detallarini qirqib olgan. Aynan shu uskuna yordamida erkak yo‘ltanlamasning mayda detallardan iborat interyerini ham yaratgan. Bundan tashqari, o‘yinchoq model qizil rangga bo‘yalgan orqa fonarlar va tormoz supportlariga, shuningdek, ochiladigan eshiklarga ega bo‘lgan.
O‘z ishining yakuniy qismida bloger ishlaydigan yo‘ltanlamas “podveska”sini yasab, uni yog‘och asos yordamida qotirgan. Funksional elementlar va aylanadigan g‘ildiraklar sabab Land Rover Defender 110 nusxasi vyetnamlik ustaning navbatdagi san’at namunasiga aylangan.
Eslatib o‘tamiz, fevral boshlarida kanal muallifi yog‘ochdan Range Rover Evoque Overfinch’ning 1:12 masshtabdagi yog‘och modelini yasagan edi.
Источник: Daryo.uz