Yevropaning eng yirik shaharlaridagi namoyishlar politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketdi
Yevropaning eng yirik shaharlarida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tib, ular politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketdi. Xususan, gap Berlin, London, Bryussel, Syurix va Parij haqida bormoqda, deb yozadi “RBK”.
Britaniya poytaxtida hukumatdan politsiya vakolatlarini kengaytiradigan qonun qabul qilinishini bekor qilishni talab etib norozilik aksiyalari bo‘lib o‘tdi. Berlin, Syurix va Parijda birinchi may manifestatsiyalari, Bryusselda esa koronavirus choralarining kuchaytirilishiga qarshi aksiyalar tashkil qilindi.
Birinchi may namoyishlari butun Germaniya bo‘ylab o‘tkazilgan, ammo politsiya bilan to‘qnashuvlar faqat Berlinda bo‘lib o‘tgan. “Namoyishchilar va politsiyachilar o‘rtasida keskin to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tdi”, — deb yozadi mahalliy nashrlardan biri. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, aksiya ishtirokchilari politsiyachilarga tosh va butilkalar otgan, shuningdek, axlat qutilari va poddonlarni yoqqan. Bunga javoban huquq-tartibot organlari xodimlari maxsus vositalarni qo‘llagan. Tartibsizliklar oqibatida bir necha kishi hibsga olindi, uch nafar politsiya xodimi va kamida ikki nafar namoyishchi jabrlandi.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, mingdan ortiq odam politsiya vakolatlarini kengaytirish tashabbusini bekor qilish talabi bilan London markazi bo‘ylab yurish qilib o‘tdi. Marsh London janubidagi istirohat bog‘laridan birida yakunlangan, u yerda namoyishchilar politsiyachilar bilan “jangga kirishgan”. Politsiya xabariga ko‘ra, to‘qqiz kishi hibsga olingan.
Bryusseldagi Bua-de-la-Kambr bog‘ida mingdan ortiq odam to‘planib, koronavirus tarqalishi tufayli joriy qilingan cheklovlarni yumshatishni talab qildi. Aksiya ishtirokchilari “Ozodlik” deya baralla qichqirib, huquq-tartibot xodimlariga tuxumlar uloqtirdi. Miting ishtirokchilarini tarqatish uchun politsiya suv zambaragi, achchiq qalampirli gaz va dubinkalardan foydalandi. Oqibatda kamida o‘n kishi jabrlandi. Bir kishi politsiya otidan zarba yeb jarohatlangan.
Parijdagi birinchi may namoyishlari ham tartibsizliklar bilan tugadi. Ularda kasaba uyushmalari va yoshlar tashkilotlari vakillari, sotsialistik va kommunistik partiyalar vakillari, shuningdek, “sariq nimchalar” harakati tarafdorlari qatnashdi. Dastlab aksiya tinch o‘tayotgan edi, ammo keyinroq namoyishchilar politsiyachilarga pirotexnika, tosh va butilkalar uloqtira boshladi. Bunga javoban huquq-tartibot organlari xodimlari ko‘zni yoshlantiruvchi gaz va suv zambaragidan foydalandi. Fransiya ichki ishlar vaziri Jerald Dermanin ma’lum qilishicha, Parijdagi namoyishlar chog‘ida 34 kishi qo‘lga olingan. Umumiy mehnat konfederatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, butun Fransiya bo‘ylab namoyishlarda 150 ming kishi, Parijda esa 25 ming kishi qatnashgan. Le Parisien yozishicha, Fransiya poytaxtidagi tartibsizliklarda 21 kishi jabrlangan, shularning to‘rt nafari jiddiy jarohat olgan.
Syurixda Mehnat bayrami munosabati bilan bir yo‘la bir nechta namoyishlar o‘tkazildi. Shahar politsiyasi ma’lumotlari bo‘yicha namoyishchilar huquq-tartibot xodimlariga pirotexnika buyumlari va butilkalar uloqtirgan. Bunga javoban politsiyachilar ruxsat etilmagan aksiyalarni tarqatishda rezina o‘qlarni qo‘lladi. Politsiya aniqlik kiritishicha, uch kishi qo‘lga olingan. Jabrlanganlar haqida ma’lumot berilmadi.
Manba: Daryo.uz