7 oyda 41 kilo vazn tashlagan hindistonlik erkak ozish sirlari bilan o‘rtoqlashdi
Hindistonning Panjob shtati Ludhiana shahrida yashovchi, 7 oyda 41 kilogramm vazn tashlagan erkak muvaffaqiyatining uchta sirini aytib o‘tdi. The Times of India gazetasining yozishicha, bunday natijaga erishishi uchun unga jismoniy mashg‘ulotlar, to‘g‘ri ovqatlanish va tartib-intizom yordam bergan.
Avvalroq 39 yoshli Ramit Aggarvalning vazni 123 kilogramm bo‘lgan. U nafas qisishi boshlangani va shifokorlarning ogohlantirishlari tufayli ozishga qaror qiladi. “Men sog‘lig‘imni xavf ostiga qo‘ymasdan, og‘riqsiz tarzda ozishni xohladim”, — deydi hindistonlik erkak.
Avvalo, u ratsioniga o‘zgartirish kiritdi. Uyqudan turgach, bir stakan iliq suv ichib, soat 9:30 da yorma yoki guruch unidan tayyorlangan bo‘tqa kabi yengil ovqat iste’mol qiladi. Tushlikda esa mevali salat, bir yarim soatdan keyin non bilan sabzavotli ragu yeydi. Soat 17:30 larda Aggarval bitta pechenye bilan choy ichadi. Taxminan ikki soatdan keyin kechki ovqatda ikki bo‘lak qora non bilan katta likopda sabzavotli salat bilan kifoyalanadi.
Bundan tashqari, Aggarval harakatlanishni ham ko‘paytirgan. “Ertalab sakkiz ming qadam yuraman va 20-30 daqiqa davomida polda mashq qilaman, — deydi u. — Kechki soat 6 larda tez yurish bilan shug‘ullanib, yana sakkiz-o‘n ming qadam yuraman. Kuniga kamida 15000 qadam bosib, aerobik, kardio va kuch-quvvat mashqlarini bajarishga harakat qilaman”. Hozirda Aggarval yoga bilan shug‘ullanishni ham boshlagan.
Hindistonlik erkak shu bilan to‘xtash niyatida emas. U 60-70 kilogrammgacha vazn tashlashni va vaznini bir xil darajada ushlab turishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq angliyalik ayol birgina foto tufayli 38 kilo vazn tashlagani haqida xabar berilgan edi.
Источник: Daryo.uz