Mustaqillik maydonidagi deyarli 2 yil ishlamagan favvoraning qayta ishga tushirilishi — suratlarda
1-may — Favvoralar kuni munosabati bilan bugun Toshkent shahrining Mustaqillik maydonidagi favvora o‘z ishini qayta tikladi. Uning ochilishida Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari Furqat Mahmudxo‘jayev ishtirok etdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.
Vazirlar Mahkamasi binosining yonidagi mazkur favvoraning qurilganiga 50 yildan oshgan. Ayrim joylari darz ketganidan so‘ng to‘liq ta’mirdan chiqarilganidan deyarli 2 yil o‘tib yana tashrif buyuruvchilarni o‘z bag‘riga chorladi. Aytish kerakki, 2019-yilda ijtimoiy tarmoqlar orqali kutilmaganda Mustaqillik maydonidagi favvoraning olib tashlanayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan, Toshkent shahar hokimligi ularni rad etib, bu yerda to‘liq ta’mirlash ishlari olib borilayotgani, favvora 8 barobar ko‘p elektroenergiya iste’mol qilayotgani, qurilish-montaj ishlari sabab elektr yanada tejalishi hamda yil oxiriga qadar ta’mirlanib, zamonaviy ko‘rinishda qayta ishga tushirilishini ma’lum qilgan edi.
2019-yil 16-yanvarda Toshkent shahar hokimining “Toshkent shahridagi favvoralar holatini yaxshilash va rekonstruksiya qilish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, “Toshkent favvorasi” davlat unitar korxonasi balansidagi favvoralarni kapital ta’mirlash, obodonlashtirish va rekonstruksiya qilish belgilandi. Shuningdek, favvoralar atrofidagi hududlarga shartnoma asosida tijorat va ko‘ngil ochish obyektlarini joylashtirish, bunda davlat-xususiy sheriklik tamoyili bilan tadbirkorlik subyektlariga beg‘araz uch yildan o‘n yilgacha bo‘lgan muddatga topshirilishga rozilik berilgan edi. O‘sha yilning o‘zida, may oyida poytaxtdagi 117 favvoraning nechtasi ishlamasligi aytilgan.
Источник: Daryo.uz