O‘zbekistonda o‘tgan bir sutka ichida yana 393 kishida koronavirus aniqlandi
O‘zbekistonda 1-may kuni koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bilan bog‘liq 393 ta yangi holat ro‘yxatga olindi. 30-aprel kuni 442 kishida koronavirus aniqlanib, kunlik kasallanish bo‘yicha 2021-yilning eng yuqori ko‘rsatkichi bo‘lgandi.
Yangi kasallanish holatlarining:
- 3 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasida,
- 6 nafari Andijon viloyatida,
- 4 nafari Buxoro viloyatida,
- 8 nafari Jizzax viloyatida,
- 7 nafari Qashqadaryo viloyatida,
- 3 nafari Navoiy viloyatida,
- 5 nafari Namangan viloyatida,
- 72 nafari Samarqand viloyatida,
- 4 nafari Sirdaryo viloyatida,
- 2 nafari Surxondaryo viloyatida,
- 9 nafari Farg‘ona viloyatida,
- 8 nafari Xorazm viloyatida,
- 46 nafari Toshkent viloyatida,
- 216 nafari Toshkent shahrida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.
Shunday qilib, Sog‘liqni saqlash vazirligi hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga chalingani rasman tasdiqlangan shaxslar soni 91 643 yetgan. Toshkent shahri, Samarqand va Toshkent viloyatlarida kasallik qayd qilinishi yuqoriligicha qolmoqda.
O‘tgan bir sutka ichida, Qoraqalpog‘istonda 3 nafar, Buxoro viloyatida 8 nafar, Jizzax viloyatida 19 nafar, Qashqadaryo viloyatida 1 nafar, Navoiy viloyatida 5 nafar, Namangan viloyatida 8 nafar, Samarqand viloyatida 64 nafar, Sirdaryo viloyatida 11 nafar, Surxondaryo viloyatida 17 nafar, Farg‘ona viloyatida 2 nafar, Xorazm viloyatida 5 nafar, Toshkent viloyatida 44 nafar, Toshkent shahrida 128 nafar bemor tuzalib, kasallikdan sog‘ayganlar jami 87 628 nafarga yetdi va sog‘ayish ko‘rsatkichi 96 foizni tashkil qilmoqda.
Shuningdek, 2 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etib, kasallikdan vafot etganlar soni 652 nafarni tashkil qildi. Ayni paytda tibbiyot muassasalarida 3363 nafar bemor davolanmoqda.
Avvalroq talabalar orasida koronavirus infeksiyasi aniqlangani sababli yana uchta — Toshkent, Samarqand va Andijondagi oliygohlar masofaviy ta’lim tizimiga o‘tkazilgani, Sirdaryodagi o‘quv muassasalari 14 kunlik masofaviy ta’limga o‘tgani, Toshkentdagi 107 ta maktabda o‘quv jarayonlari onlayn shaklga o‘tkazilgani, Samarqand shahridagi barcha maktab va bog‘chalar 27-apreldan boshlab onlayn tizimga o‘tgani haqida xabar berilgan edi.
Источник: Daryo.uz