Tushda anor | Тушда анор
ANOR Doniyol (a.s.) aytadilarki, tushdagi anor aslida mol bo‘ladi. Lekin bu odamning himmati mikdoriga muvofiq bo‘lib, xususan o‘z vaqtida bo‘lsa yuqoridagi natijani beradi, agar o‘z vaqtida bo‘lmasa ta’biri yomon bo‘ladi. Anorni daraxtdan uzib olganini va yeganini ko‘rsa, zebo yuzli bir ayoldan foyda topishini bildiradi.
Ibn Sirin (r.a.)ning aytishicha, tushda shirin anorni ko‘rsa, mol jam qilishiga dalil bo‘ladi. Ba’zi ta’birchilarning fikricha, tushda bir dona shirin anor yeganini ko‘rsa, ming dirham pul topishiga dalildir. Achchiq anor g‘amni bildiradi. Agar anorning achchiq yoki shirinligini bilmasa shirin anorga ta’bir qilinadi.
Jobir Mag‘ribiy (r.a.) aytadiki, har kim tushida shirin anorni yesa va u o‘z vaqtida bo‘lsa, ming dirham pul topishiga dalildir. Achchiqligi kamroq anor bo‘lsa, ellik dirham topishiga dalildir. Demak ta’birni tush ko‘ruvchining himmati va e’tiboriga muvofiq ta’bir qilish kerak.
Agar har kim qish faslida anor yeyayotganini ko‘rsa, yegan har bir donasi hisobida tayoq yeydi. Achchiq anorni xoh vaqtida bo‘lsin, xoh bevaqt bo‘lsin, yemoq yomondir. Shirin anorning hukmi o‘rtachadir.
Kirmoniy (r.a.) aytadiki, har kim shirin anorni o‘z vaqtida yeganini ko‘rsa, bordi-yu u savdogar bo‘lsa molu matosi ko‘payadi, musofir bo‘lsa, safari muborak bo‘ladi va foyda topishiga dalildir. Anor donalarini topib olsa yoki biror kishi unga berganini ko‘rsa, u kishiga ranj yetishiga dalildir. Bu vaqtida bo‘lsa ham bo‘lmasa ham shirin anorni po‘sti va pardalari bilan yeyayotganini ko‘rsa, barcha narsalardan bahramandlik topishiga dalildir.
Ja’far Sodiq (r.a.) aytadiki, tushda anor yemoq uch narsani bildiradi: yig‘ilgan molni; porso ayolni va obod shaharni.
Ismoil Ash’as (r.a.)ning aytishicha, agar podshoh anori borligini ko‘rsa, viloyat yoki shahar topadi. Rais ko‘rsa, qishloq bo‘ladi, savdogar ko‘rsa, ming dirham topadi, kambag‘al kishilar ko‘rsa, o‘n dirham yoki bir dirham bildiradi.