Tushda qurol | Тушда курол
QUROL (SILOH) — Bilginki, siloh arab tilida jang qurolidir va u quvvat, ulug‘lik va davlatga dalildir. Agar qurollanganini va qurollilar guruhi ichida begona ekanini ko‘rsa, ayollar guruhi unga ta’na toshlarini otishlariga dalildir, biroq unga zarar yetqizolmaydilar. Agar o‘sha guruh tanish ekanini ko‘rsa, dushmanlardan yoqimsiz bir hol unga yetishiga dalildir.
Kirmoniyning aytishicha, agar o‘zini qurollangan holda notanish bir qavm ichida ko‘rsa va o‘sha guruh keksalardan iborat bo‘lsa, uning do‘stlari va tanishlariga dalil bo‘ladi. Agar yoshlar bo‘lsa, dushmanlariga dalil bo‘ladi. Agar qurol bilan birga kamon va o‘qi (tir) yoki boshqa narsasi borligi ko‘rsa, davlat va izzat egasi bo‘lishiga dalildir. Agar jang qurollarini yo‘qotib qo‘yganini ko‘rsa, ulug‘ligiga nuqson yetishini bildiradi.
Agar bir kishi bilan jang qilayotganini va unga o‘q otib, yarador qilganini ko‘rsa, biror kishi bilan jang qilishiga dalildir.
Jobir Mag‘ribiyning aytishicha, bir kishi uni yarador qilganini ko‘rsa, biroq kim ekanini bilmasa zarar yetishiga dalildir. Agar o‘sha yarada yiring yig‘ilganini ko‘rsa, o‘sha yiring miqdoricha mol yig‘ishiga dalildir. Agar yarador qilganda o‘q uning go‘sht va suyagidan o‘tganini ko‘rsa, o‘sha kishidan molu ne’mat topishiga dalildir. Agar jangda bir kishining qo‘lini kesib tashlaganini ko‘rsa, o‘sha kishiga qattiq so‘z aytishi va orada judolik yuz berishiga dalildir. Agar birovning boshini uzib yuborganini ko‘rsa, uning molini tortib olishiga dalildir.
Ja’far Sodiq (r.a.)ning aytishicha, tushdagi qurol olti narsani bildiradi: quvvatni; ulug‘likni; davlatni; amalni; rayosatni; himoyani.
Tushdagi qurolsoz adolatli ulug‘ podshoxdir.